Chetdan keltirilgan kartoshka urug‘i sifatsiz chiqdi zararni kim qoplaydi?
Xalq deputatlari viloyat Kengashining yaqinda o‘tkazilgan sessiyasida viloyatimiz tumanlarida g‘alladan bo‘shagan maydonlarga xorijdan keltirib ekilgan kartoshka urug‘larining aksariyati unmaganligi, sifatsiz urug‘lik sotilganligi qayd etildi. Buning natijasida tomorqachi va fermer xo‘jaliklarida katta kreditorlik qarzdorliklar yuzaga keldi. Xo‘sh, agrar soha rivoji uchun barcha sharoit bor bo‘lgan viloyatimizga xorijdan kartoshka urug‘i olib kelishga qanchalik zarurat bor edi? Ehtiyoj bo‘lganda ham, sohaga mas’ul tashkilotlar chetdan keltirilgan urug‘ni sifat nazoratidan o‘tkazganmi? Mavzuni atroflicha tahlil qilib ko‘ramiz.
Tibbiyotchilar xulosasi bilan qaralganda inson yiliga o‘rtacha 50 kilogramm kartoshka iste’mol qilishi lozim. Talabdan kelib chiqib joriy yil viloyatimizda g‘alladan bo‘shagan 9 ming 920 gektar maydonda takroriy ekin sifatida kartoshka ekildi. Shuncha maydondan o‘rta hisobda 200 sentnerdan hosil olinganda ham viloyatimizning bir yillik kartoshkaga bo‘lgan 190 ming tonnalik ehtiyojidan ortib, chetga mahsulot chiqarish imkoniyati paydo bo‘lardi. Viloyatimizda kartoshka ekilishi rejalashtirilgan 11 ta tumanga super elita, elita va R-1 navlarini ekish rejalashtirilgandi. Kartoshka ekiladigan maydonlarga talab etiladigan 30 ming tonnaga yaqin urug‘likning yetishmaydigan 12 ming 470 tonnasini yetkazish borasida viloyatimizdagi 22 ta ta’minotchi korxona va 14 ta tijorat banki o‘rtasida 93,5 milliard so‘mlik 2789 ta shartnoma ham imzolangandi.
Import qilingan urug‘likning 406 tonnasi unib chiqmagan!
- Reja asosida “Samarqand kartoshkachilik markazi”, “Bananza Treyd Eksport”, “ShO‘RChI-AGRO-TAYYoRLOV”, “Abirkul agro tayyorlov”, “Samgold” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va “JOHN EXIM COMPANY” kabi importyor korxonalar xorijdan kartoshka urug‘lari keltirishdi, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Boltaboyev. – Olib kelingan 3439 tonna urug‘ 1112 gektar maydonga ekildi. Biroq o‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, import qilingan urug‘likning 406 tonnasi, ya’ni 12 foizi chirigan va hosil olishga yaroqsiz bo‘lib chiqdi. Buni tumanlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, Ishtixon tumanida 10,7 tonna, Payariqda 6 tonna, Jomboyda 35,4 tonna, Samarqand tumanida 38,1 tonna, Urgut tumanida 58 tonna va Oqdaryo tumanida 257,6 tonna urug‘lik chirib ketgan yoki unib chiqmagan.
200 gektardagi urug‘ unib chiqmagan
- Bu yil tumanimizdagi 214 ta fermer xo‘jaligi g‘alladan bo‘shagan 826 gektar maydonga takroriy ekinga kartoshka ekkandi, - deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi Odil Anvarov. – Buning uchun 2479 tonna urug‘ zarur bo‘ladi va uning 1659 tonnasi xo‘jaliklarning o‘z hisobidan, qolgan 820 tonnadan ortig‘i “Samgold” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tarqatildi. Ammo qariyb 200 gektar maydondagi urug‘ unib chiqmadi, qolgan maydonning ham o‘rtacha 30-35 foiz qismida kartoshka bor, xolos. Jamiyat xodimlaridan keltirilgan kartoshka urug‘ining sertifikatini so‘raganimizda turli bahonalar bilan tekshirilganligi to‘g‘risidagi hujjatni ko‘rsatolmadi, xo‘jaliklar esa majburlikdan vaqtni boy bermaslik uchun urug‘ni oldi.
O‘zagroinspeksiyaning tuman bo‘limi katta inspektori Dilshod Abdiqobilovning ma’lum qilishicha, dastlabki keltirilgan urug‘larning sifati yaxshi bo‘lgan, ammo keyin keltirilganlari unmagan. Shu bois, 12 fermer xo‘jaligi va 7 nafar tomorqachining sifatsiz kartoshka tarqatilganligi yuzasidan yozgan arizalari asosida joyida o‘rganish olib borilgan va yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha viloyat prokuraturasiga hujjatlar taqdim qilingan. Hozirda urug‘ olganlarning 30-40 foizi zarar ko‘rgan.
Fermerlarga majburan tilxat yozdirilgan
Tumandagi “Bolta g‘allasi” va “Tevachik Chovka Oqdaryo” fermer xo‘jaliklari boshliqlari “Samgold” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 3700 kilogramdan 25 million 655 ming so‘mlik kartoshka urug‘ini majburlikdan olib, katta qarzdorga aylanganini aytdi. Dehqonlar urug‘ni eskirgan, uni ekib ham iste’mol qilib ham bo‘lmaydi, deb aytganda tuman mas’ullari “urug‘ni ko‘rdim, sifati yaxshi” deya tilxat yozdirib olishgan ekan. Buning ustiga 3 gektarda pomidor yetishtirish uchun 30 million so‘m sarf qilgan xo‘jaliklar hosilning bir kilogrami uchun 700 so‘mdan shartnoma tuzishgan, ammo o‘z holicha pomidor olib kelayotgan xo‘jaliklar mahsulotning kilogramini 500-600 so‘mdan sotishga majbur bo‘layotganini, shunda ham zavod oldida 3 kunlab navbat kutishayotganini bildirishdi. Bu alohida mavzu. Yana xo‘jaliklarga sifatsiz kartoshka urug‘ining tarqatilishi fermerlarni xonavayron qilayotganini bildirishdi.
Boshqalarga yo‘q kredit fermerlarga majburlab berilgan
- Hech qanday sertifikatsiz, sifati tekshirilmagan bo‘lsa-da 4100 kilogramm kartoshka urug‘i berishdi, - deydi tumandagi “Ozodjon” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Ravshan Rahmatov. – Chunki bank xabarim yo‘q holda roziligimizsiz, shartnoma tuzmasdan fermer xo‘jaligimiz nomiga 25 million 660 ming so‘m kredit chiqargan. Avval chetdan kelgan urug‘lik kartoshka olganimda yorlig‘ida qaysi davlatniki, qachon qadoqlangan, mahsulot nomi, mas’ul kishining sharifigacha yozilgan bo‘lardi, bu urug‘ning sertifikatini ham ko‘rsatishmadi. Aslida 1,5 gektar maydonga rejalashtirilgan urug‘ni uyda 15-20 kun undirib, 55 sotix maydonga ekdim. Urug‘ni olayotganda 15 foizga yaqini, undirish davrida 40 foizi nobud bo‘ldi. Sifatsiz urug‘ni ko‘rib, buni olmaymiz, o‘zimiz yaxshi urug‘ topib, tanlab olamiz» deganimizda tuman mas’ullari «shu urug‘ni olmasang yeringni topshir» deyishdi. Endi qilgan mehnatimizdan tashqari foizi bilan 30 million so‘mdan ortiq kredit to‘lashimiz kerak. Bu pandemiya davrida qiynalgan aholini qo‘llash o‘rniga ochiqchasiga qarz botqog‘iga botirish emasmi?
Tumandagi “G‘ofur ota” fermer xo‘jaligi 29 million so‘mlik va “Oqdaryo Umid bolta” fermer xo‘jaligi 25 million 660 ming so‘mlik 4138 kilogramm kartoshka urug‘i olgan. Ammo ularda ham ekish pallasigacha urug‘ning 40 foizi yaroqsiz holga kelgan, ekilgandan so‘ng 55 foizdan ortig‘i unib chiqmagan. Biroq tuzilgan shartnomada tomonlarning majburiyatlari keltirilgan bo‘lsa-da, nomlar va kredit summasidan boshqa yozuv yozilmagan. Xo‘sh, sifatsiz urug‘ uchun kredit summasini kim to‘laydi?
Bank mablag‘i kimdan bo‘lsa ham qaytariladi
- Bankimiz tomonidan 164 nafar fermer xo‘jaligiga 22 foizdan takroriy ekinga chetdan keltirilayotgan kartoshka urug‘ini xarid qilishlari uchun 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratganmiz, - deydi “Agrobank” tuman filiali boshqaruvchisi Dilshod Tolliyev. – Kreditning 7,5 foizi qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Shunday bo‘lsa-da, xodimlarimiz bankimizdan kartoshka urug‘ligi uchun kredit olgan 88 fermer xo‘jaligi dalalarida monitoring o‘tkazdi. O‘rganish xulosalari asosida hujjatlar tayyorlanib prokuratura organlariga topshirildi. Bu fermer javobgarlikdan ozod bo‘ldi, degani emas. Mablag‘ bankning kapitali va uni kimdan bo‘lsa ham qaytarish lozim.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, tumandagi fermer xo‘jaliklariga “Agrobank” tuman filialidan 600 tonna urug‘lik uchun 3 milliard 972 million 854 ming so‘m, tomorqachilarga “Mikrokreditbank” tuman filialidan 55 tonna urug‘lik uchun 344 million 100 ming so‘m va Xalq banki tuman filialidan 175 tonna kartoshka uchun 1 milliard 86 million 128 ming so‘m kredit mablag‘i ajratilgan.
Tomorqachi qariyb 70 millionga chuv tushdimi?
Moyqovoq mahallasida yashovchi Ashurxon Oppoqov ikki ukasi bilan har yili xorijda ishlab oila tebratgan, bu yilgi pandemiya tufayli chetga ishlagani borisholmadi. Ularga shu yerda daromad topish imkoniyati yaratilganidan juda xursand bo‘lishgandi. Ammo...
- Kambag‘allikni qisqartirish dasturi asosida fermer xo‘jalikning g‘alladan bo‘shagan yerlaridan 30-35 sotixdan yer chetdan keltiriladigan hosildor kartoshka navlaridan kreditga beramiz, shu yerda daromad topasizlar deyishgandi, - deydi A.Oppoqov. – Shu gaplarga ishonib uch aka-uka “Samgold” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 11 tonnaga yaqin kartoshka urug‘i oldik. Urug‘ni undirish jarayonida 50-60 foizi nobud bo‘ldi, ekkandan keyin yana shuncha qismi chiqmadi. Shundan keyin “Samgold” korxonasi rahbariga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni aytdim, ular olingan urug‘ning 10 foiziga teng boshqa kartoshka urug‘ligi berdi, lekin keyingi urug‘ ekilmasdan, joyida chirib ketdi. Hozir 35 sotix maydonning 20 foizida kartoshka bor, xolos. Aka-ukalar chirigan kartoshka urug‘i uchun qilingan mehnat, texnika va mineral o‘g‘itni, kredit foizlarini hisoblamaganda bankdan 68 million 200 ming so‘m qarzdor bo‘ldik. Bu kambag‘allikdan chiqarishning qanday yo‘li bo‘ldi.
Tabiiyki, butun tumanga chetdan keltirilgan kartoshka urug‘i tarqatgan “Samgold” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Ammo bu masalalarning huquqiy jihatlarini yaxshi biladigan tumandagi soha mas’ullari nega bu masalaga panja orasidan qaragan? Endi mehnatidan topgan daromadini bank kreditiga to‘laydigan fermerlar, ro‘zg‘orning g‘orini to‘ldirish, qish chillasida dasturxoni to‘kis bo‘lishini istab qarzga bo‘lsa-da, urug‘ olib mehnat qilgan ammo bir mavsum ishlab, bo‘ynidagi katta qarzdan boshqa narsa orttirolmagan aholining holi nima kechadi? Bu masalani kim, qachon odilona hal qiladi?
Shu o‘rinda bir mulohaza. Har yilgi hisobotlarda yetishtirilgan hosilning bir qismi ichki iste’molga, bir qismi qishloq xo‘jalik yarmarkalari, qayta ishlash, zaxira va eksportga, yana bir qismi urug‘lik uchun sarflanishi aytilardi. Xorijdan urug‘ olib kelishga zaruratning paydo bo‘lishi o‘tgan yili hozirlangan urug‘likning yetmay qolishidanmi yoki reja taqsimoti faqat qog‘ozda yuritilganmi? Chetdan hosildor navli urug‘ olib kelishga ehtiyoj bor ekan, uning sifatini, iqlimga mosligini, kasallikka chidamliligi, urug‘ bilan birga turli o‘simlik zararkunandalari kirib kelmayotganini tekshirishi lozim bo‘lgan tashkilotlar qanday qilib sifatsiz urug‘ uchun yaroqlilik sertifikatini bergan. Yoki xo‘rozqand bo‘lsa ham chet elniki yaxshi qabilida ish tutilganmi?
Yutuq barchamizniki, muammo faqat dehqonnikimi?
Viloyat urug‘chilik markazi rahbari Zayniddin Nahalov markaz asosan paxta, g‘alla va sabzavot urug‘lari bilan shug‘ullanishi bois tashkilotning kartoshka urug‘chiligiga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil hosili uchun viloyatimizning 11 tumanida 9 ming 972 gektar kartoshka ekilgan va buning uchun 9146 tonna urug‘likka amalda 54 milliard 663 million so‘m mablag‘ ajratilib, 2300 dan ortiq shartnoma tuzilgan. Shartnomaga asosan 77 tonna super elita, 2411 tonna elita, 6458 tonna R-1 navli, jami 8946 tonna urug‘lik keltirilgan.
- Joriy yilning 1 martidan 1 iyuligacha viloyatimizga Yevropa davlatlaridan 7 nomdagi kartoshka urug‘lari keltirilgan, - deydi viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Ahror Boboqulov. – Jumladan, “Shamsiddin Jalilov” fermer xo‘jaligi Nederlandiya va Fransiyadan Bulung‘ur tumaniga 340 tonna, “Ilg‘or Agro texnologiyalar” MChJ Toyloq tumaniga Rossiyadan 32 tonna, “Samgold” MChJ Nederlandiyadan Oqdaryoga 80 tonna va “Akmal Toshpo‘latovich” fermer xo‘jaligi Rossiyadan Toyloq tumaniga 100 tonna urug‘lik kartoshka keltirgan. Biz chetdan keltirilayotgan urug‘lik yoki ko‘chatlar bilan birga kasallik va zararkunandalar kirib kelishining oldini olamiz. Buning uchun urug‘likdan namuna olinib, Toshkentdagi laboratoriyaga yuboramiz. Urug‘lik yoki ko‘chatlar yaroqliligi tekshirilib ularning ruxsati bilan ekishga tavsiya etiladi. Chunki xorijdan keltirilayotgan urug‘lik Toshkentdagi va mahalliy navli urug‘lik viloyatlardagi laboratoriyalarda tekshiriladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Nurmamat Tursunovning aytishicha, bu yil kartoshka urug‘lari keltiruvchi importyorlarni tuman hokimliklarining o‘zi tanlab olgani uchun boshqarma bu jarayonda ishtirok etmagan. Urug‘larning unib chiqmaslik va yoki chirib ketishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan ham monitoring olib borib joyida o‘rganishlar o‘tkazilmagan.
Nega axir? Agrosanoat majmuidagi nazoratni inspeksiya olib borishi belgilangan bo‘lsa, mas’ulning bu fikri vazifasini inkor qilishga o‘xshamadimikan?..
Agrosanoat inspeksiyasi faqat urug‘likdan namuna oladimi?
Urug‘larning sifatini tekshirish vazifasi yuklatilgan yana bir mas’ul tashkilot – Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi davlat unitar korxonasi viloyat filiali rahbari Alisher Ismoilov kartoshka urug‘lari viloyatimizga asosan 6 ta ta’minotchi korxona tomonidan keltirilganini bildirdi. Ammo chetdan keltirilayotgan urug‘lar sifatiga aynan mas’ul bo‘lgan tashkilotning yumushi urug‘dan 5-10 dona namuna olib, Toshkentga yuborish ekan. Chunki viloyatda urug‘ni tekshirish uchun zarur laboratoriya jihozlari bo‘lmaganligi bois markazga yuboriladi va sertifikat ham ular tomonidan beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomda Agroinspeksiyaning vazifalari aniq belgilangan. Nizomga ko‘ra, paxta, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari hosili hamda urug‘lari, ekinlar navlarining genetik sofligi va urug‘lari sifatini aniqlash va nazorat qilish, sertifikatlash, ekinlarni tuproq sharoitidan kelib chiqib joylashtirish, ekilishi, agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishi, shartnomalarning bajarilishini nazorat qilish inspeksiyaning vazifalari etib belgilangan. Oddiy qilib aytganda, yerni shudgorlashdan tortib ekin ekilishi, ishlov berilishi, mahsulot yetishtirish, sotish, qayta ishlash kabi barcha jarayonlarni agroinspeksiya nazorat qiladi. Ammo negadir chetdan keltirilgan sifatsiz kartoshka urug‘lari nazoratdan chetda qolgan.
Viloyatimizdagi qishloq xo‘jaligi sohasiga daxldor tashkilotlarning birortasi chetdan keltirilgan urug‘ning mos kelishi va sifati qay darajada ekanligini tekshirmagan, fermerlar, tomorqachilar katta kredit evaziga xarid qilgan kartoshka urug‘lari nega chirib ketayotgani yoki unib chiqmayotgani bilan qiziqmagan. Yutuq barchamizniki, muammo faqat dehqonni ekanda. Agar dehqonga shuncha katta zarar keltiradigan mahsulotlar mamlakatimizga to‘g‘ri kirib kelaversa, sifati va yaroqliligi tekshirilmasa bunday tashkilotlardan nima naf?
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
“Zarafshon”ning maxsus muxbiri.