Chigitni qachon ekkan ma’qul?

Paxtadan barakali xirmon ko‘tarish dehqonlarning mahorati va mashaqqatli mehnatiga bog‘liq. G‘o‘za hosildorligini oshirish uchun agrotexnikaning barcha ilg‘or usullaridan foydalanish, eng zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, ertapishar va yuqori hosildor navlarni tanlash katta ahamiyatga ega.
Barcha agrotexnik tadbirlar bilan bir qatorda, tuproq haroratiga e’tibor berish, ertagi va to‘liq nihol undirib olish, pirovard natijada yuqori hosil yetishtirish uchun muhim rol o‘ynaydi. Ekish davrida, tuproqning harorati urug‘ning unishi uchun zarur bo‘lgan haroratdan past bo‘lsa, urug‘ning unib chiqish davri kechikadi, tekis unib chiqmaydi va bir qismi chirib ketadi. Bu o‘z navbatida iqtisodiy samaradorlikning pasayishiga, ortiqcha mehnat sarfiga va umumiy hosilning kamayishiga sabab bo‘ladi.
G‘o‘zadan yuqori hosil olish ko‘p jihatdan uning suv bilan ta’minlanganligiga bog‘liq. Ekish davrida effektiv harorat yetarli bo‘lsada, lekin tuproqda namlik kam bo‘lsa, chigitning unuvchanligi pasayib ketadi. Shuning uchun ham erta bahorda qurg‘oqchil zonada joylashgan Paxtachi, Narpay va qisman Kattaqo‘rg‘on tumanlarida asosan chigit ekiladigan maydonlarga nam to‘plash suvi yoki ba’zan chigit suvi beriladi. Shuni e’tiborga olish kerakki, sug‘oriladigan tuproqning harorati chigit suvidan keyin 3-4 darajagacha pasayib ketadi. Shuning uchun ekish oldidan 5-10 sm chuqurlikdagi tuproq haroratini ekinning talab darajasiga mosligini o‘lchab ko‘rish lozim. Jomboy, Oqdaryo, Payariq va Ishtixon tumanlarining yer osti suvi yuzaga yaqin joylashgan hududlari tuproqning harorati boshqa tumanlardagi yer osti suvi chuqurda joylashgan tuproq haroratiga nisbatan ancha past bo‘ladi. Shuning uchun bu tumanlarda tuproq namligi va haroratini hisobga olgan holda ekish mavsumini o‘tkazishga alohida e’tibor berish lozim.
Chigitni ekish chuqurligi tuproq sharoitiga qarab 3-5 sm bo‘lishi kerak. Agar tuproqda nam ko‘p bo‘lsa-yu, harorat past bo‘lsa, chigit tuproq yuzasiga yaqinroq ekilishi kerak.
Ilmiy tajribalarga ko‘ra chigit ekilgan chuqurlikda tuproq namligi 7 mm bo‘lsa, havoning harorati 23-27 daraja oralig‘ida bo‘lganda, chigitning unib chiqishi uchun qulay sharoit yaratilgan bo‘ladi va shunda chigit 6-8 kunda unib chiqadi. Aks holda chigitning unib chiqishi 15-20 kungacha cho‘zilib ketadi.
Chigitni to‘liq undirib olish uchun tuproq harorati bilan bir qatorda uning namligi ham katta rol o‘ynaydi. Chigitni namlab ekish tuproq namligi dala nam sig‘imiga nisbatan 60-70 foiz bo‘lganda, yaxshi natija beradi. Agar tuproq namligi ko‘rsatilgan namlikdan yuqori bo‘lsa va bundan tashqari tuproq harorati 15 darajadan past bo‘lsa, namlab ekilgan chigit quruq chigitga nisbatan tezroq chiriydi va natijada to‘liq ko‘chat olish imkoniyati kamayadi hamda unib chiqqan g‘o‘za nihollarining o‘suvi juda sust bo‘ladi. Bunday holatlarda ko‘pincha chigitni qayta ekishga to‘g‘ri keladi yoki g‘o‘za nihollari ildiz chirish kasaliga chalinadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, tajriba natijalarida aniqlanishicha, chigitning unib chiqishi, tuproq namligi yetilgan vaqtda shudgor qilingan maydonlarda yuqori, nam haydalgan tuproqlarda esa past bo‘ladi. Sho‘rlangan tuproqlarda, sho‘rlanmagan tuproqlarga nisbatan chigitning unib chiqishi ancha kechikadi.
Viloyatimiz hududida ekish mavsumi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 10 darajadan ortgandan boshlab 10-kundan keyin ekishni boshlash maqsadga muvofiqdir. Bunda tuproq namligi 6-8 mm bo‘lganda, 15-20 kunda chigitni to‘la undirib olish mumkin. Havoning o‘rtacha harorati 10 darajadan oshgandan 15-20 kundan so‘ng chigit ekish boshlanganda ham chigit 12-15 kunda unib chiqadi.
Chigitni erta va to‘liq undirib olish uchun quyidagi tadbirlardan foydalanishni tavsiya qilamiz:
- Chigitni ekishdan oldin quyosh nuri ostida qizitish. Buni har bir xo‘jalikda yoki chigitni ekishga tayyorlaydigan joylarda amalga oshirsa bo‘ladi. Buning uchun chigitni bulutsiz kunda quruq beton yoki asfaltlangan maydonchalarda qalinligi 10-15 sm qilib yoyib chiqiladi va ustidan tiniq polietilen plyonka yopiladi va uning chekka qismlari yaxshilab mahkamlanadi. Kun botish oldidan chigit yig‘ishtirilib uyuladi va brezent bilan yopib qo‘yiladi. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, quyosh nurida qizitilgan chigitning unuvchanligi 6-10 foiz oshadi va 1-2 kunga tezlashadi;
- juyak va pushtalarga chigit ekilganda, tekis maydonlarga ekilgan joylarga nisbatan 10 sm chuqurlikda tuproqning harorati 2-4 darajagacha yuqori bo‘lishi aniqlangan. Bundan tashqari bahorgi yomg‘ir suvlari chigit ekilgan pushtadan qator orasiga oqib tushadi va natijada bir tomondan pushtaning tez qizishiga va ikkinchi tomondan qatqaloqning keskin kamayishiga olib keladi;
- chigit ekilgan qatorlar ustini go‘ng bilan yopish (mulchalash) ham tuproq haroratini 1-2oS ga oshiradi. Shuni ta’kidlash kerakki, mulchalash uchun tayyorlangan go‘ng yaxshi chirigan bo‘lishi kerak. Mulchalash usuli qatqaloqning oldini oladi. Taxminan har bir gektar maydonga 2 tonna go‘ng sarf bo‘ladi.
Sh.XOLIQULOV,
SamDU gidrometeorologiya
kafedrasi mudiri, professor.