Chingiz Aytmatov muvaffaqiyatga qanday erishdi?

"Oddiylik buyuklikdir", degan gap bor. Ana shunday jihatning tabiiylik bilan hamohang holda Chingiz Aytmatov ijodida yetakchi bo‘lganidadir.

"Chingiz Aytmatovning "Jamila"si dunyo qissalarining eng a’losidir", – deya ta’rif beradi fransuz yozuvchisi Lui Aragon. Ch.Aytmatov tom ma’noda dunyo tan olgan yozuvchi sifatida shuhrat qozondi. Qirg‘iz xalqining turmushi va qiziqishlarigina emas, balki butun insoniyat, uning dahosi va qudrati, jahon taraqqiyoti va tanazzuli hazrati insonga bog‘liq ekanligining ifodasi asarlarining bosh g‘oyasi va leytmotivi hisoblanadi.

Yozuvchi qo‘shni xalq va davlatlar yutug‘idan quvonar, tashvishlaridan ozor chekar edi. "Paxta ishi", "O‘zbeklar ishi" singari tuhmat va uydirmalar xalqimiz boshiga tushganda u yetuk jamoat va siyosat arbobi sifatida o‘z fikrlarini bildirib, himoya qilgan edi.

Markaziy Osiyo davlatlarini hamisha totuv va inoq yashashga chorladi. "Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlardagi noyob osori-atiqalar umumiy ajdodlarimizning nodir salohiyatlari samaralari bo‘lib, ular turonzamin xalqlarining iftixoridir. O‘zbek xalqining buyuk daholari: Al Xorazmiy, al Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va hokazolar ta’limoti Vizantiyaning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasidan kam emas", – degan edi ijodkor.

Chingiz Aytmatov o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining qondosh va jondosh turkiy uluslar ekanligi, Alpomish va Manas navolari hamohang ekanligi, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li va Sayakbay Karalayevlar kuylagan terma va dostonlar hamnafasligi Toktogul va Mirtemirning baxshiyona, falsafiy kechinmalaridagi uyg‘unlikni ta’kidlab, uni muntazam tashviq qildi.

Nuriddin BOBOQANDOV.