Chinor kesilishiga e’tiborsiz qaragan Samarqand viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i vazifasiga noloyiq deb topildi
Kecha Samarqand viloyati hokimligida madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonun talablariga rioya etish, ko‘p yillik daraxtlarni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov madaniy meros ob’yektlarida olib borilayotgan restavratsiya jarayonida hududni obodonlashtirish, chinor, tol kabi ko‘p yillik daraxtlarni asrash hamda shahrimizga tashrif buyurayotgan mehmonlar va turistlarga zarur shart-sharoit yaratish borasida yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni tanqid qildi.
Samarqand shahrida sobiq “Afsona” suv havzasi hududida “Aleksandr” mehmonxonasi ma’muriyati va ular jalb qilgan quruvchilar tomonidan ko‘p yillik chinorning hech qanday ruxsatsiz kesilgani sababli Samarqand viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Ulug‘bek Obloqulov hamda viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimi Alisher Muhammadiyevni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha ma’muriy sudga murojaat qilindi.
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida va tizim boshqaruvida qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Negmatov egallab turgan vazifasiga noloyiq ekanligi qayd etildi.