Chiqindi kasalliklarning o‘chog‘i, uni belgilanmagan joylarga tashlamaylik

Keyingi paytlarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolar kun sayin ortmoqda. Xususan, shahar va tuman markazlarida tez-tez ko‘ngilni xira qiluvchi manzara - maishiy chiqindilar uyumiga ko‘zimiz tushmoqda.
Ayrim fuqarolarning chiqindilarni maxsus joylarga tashlash madaniyati hamon shakllangani yo‘q. Maishiy chiqindilarning belgilanmagan joyga tashlanishi oqibatida noqonuniy chiqindixonalar paydo bo‘lmoqda.
Har xil turdagi chiqindilarning chirishi va buzilishi oqibatida atmosferaga badbo‘y hidlar yoki ularni yoqib yuborilishi oqibatida havoni ifloslanishi kuzatilmoqda. Hosil bo‘lgan zaharli gazlar inson salomatligiga zararli ta’sir ko‘rsatib, nafas a’zolari va yurak qon-tomir kasalliklarini rivojlanishiga olib kelyapti.
Ochiq suv havzalariga ifloslangan chiqindilarni tushishi oqibatida suvda har xil turdagi yuqumli ichak kasalliklari qo‘zg‘atuvchi bakteriyalarni va gijja kasalligini keltirib chiqaruvchi parazitlarni ko‘payishiga kuzatilmoqda. Ifloslangan suv esa aholini o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar - vabo, yuqumli ichburug‘, parazitar hamda yuqumli ichak kasalliklari bilan kasallanish xavfini oshiradi.
Bu yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari bilan aholi ochiq suv havzalarida cho‘milganida yoki poliz ekinlarini sug‘orishi natijasida zararlanishi mumkin.
Chiqindilarni chirishi oqibatida pashshalarni ko‘payishi uchun optimal sharoit paydo bo‘ladi. Pashshalar yuqumli ichak kasalliklarini tarqatuvchisi bo‘lib, kasallikni keng tarqalishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga chiqindilar bilan ifloslangan tuproq va suv orqali virusli gepatit A va Ye turlari tarqalishi mumkin.
Bemor qoni bilan ifloslangan har xil turdagi tibbiy chiqindilarni tashlanishi oqibatida virusli gepatit V, S va OITS kasalliklarini yuqtirib olish xavfi ortadi.
Demoqchimizki, chiqindilar sababli yuzaga keladigan har xil turdagi yuqumli kasalliklar noxush oqibatlarga olib kelishini aslo unutmaylik. O‘zimiz, farzandlarimiz va kelajak avlodlarimizning salomatligiga befarq bo‘lmaslikni hozirdan shakllantirmas ekanmiz, qilinadigan ishlar samarasi yuqori bo‘lmaydi.
O‘z navbatida aholini belgilanmagan joylarga chiqindilar tashlamasliklarini so‘rab qolamiz. Belgilanmagan joylarga chiqindi tashlaganligi uchun ma’muriy javobgarlik borligini eslatib o‘tmoqchimiz. Shunday ekan har birimiz jamoatchilik nazorati va e’tiborini kuchaytirib, tizimli ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Zero, tozalik bor joyda baraka bo‘ladi.
Latif Rustamov,
"Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi boshlig‘i.