Chiroyli badia yoxud adabiyotshunos olim Hotam Umurov xulosasi
Filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umurov 80 yoshga to‘ldi.
H.Umurov 1942 yilda Jizzax tumanida tug‘ilgan. 1964 yilda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1968 yilda Samarqand davlat universitetida o‘qituvchilikdan boshlagan. So‘ngra ishini Samarqand davlat pedagogika institutida davom ettirib, dotsent, kafedra mudiri, dekan vazifalarida ishlagan.
1992 yildan buyon Samarqand davlat universitetida faoliyat yuritib kelyapti. 2014 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Hotam Umurov adabiyotshunos olim sifatida o‘nlab kitoblar, yuzdan ziyod maqolalar yozgan. Quyida olimning 2003 yil 20 noyabrda «Zarafshon» gazetasida chop etilgan ana shunday maqolalaridan birini o‘qiysiz.
***
Chiroyli badia
XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandasi Asqad Muxtorni bilgan kishilarning deyarli hammasi, jumladan, tanqidchi Naim Karimov ham san’atkorning «Oqibatli do‘stlari kam bo‘lganidek, oqibatli shogirdlari ham qariyb bo‘lmagan» («Qarang: Asqad Muxtor. Uyqu qochganda… T., «Ma’naviyat», 1997 y. 30 bet)ligini, uning «butun hayoti davomida birdan-bir do‘sti kitoblar bo‘lgani»ni ta’kidlaydilar.
Ming shukrki, adibning shogirdlari bor ekan. Ular «benihoya orif va kamsuxan inson»ni, «ustoz bilan kechgan muloqotlarni» bugun eslab, sog‘inib hikoya qilishni boshladilar. Ulardan biri yozuvchi Nusrat Rahmatdir, uning «Asqad Muxtor dedilar» (T. «Cho‘lpon» nashriyoti, 2003 yil) nomli oxori ketmagan badiasidir.
Unda uchta soha – zakovat, ijod, axloq bo‘yicha Asqad Muxtorning o‘ylari, tuyg‘ulari, qarashlari, xulosa va saboqlarini go‘yo jamlab, dialog vositasidan unumli foydalangan holda (bu usul fikr va tuyg‘ularni qabartirib beradi, siqiq ifodalashni, topib aytishni talab etadi) Asqad Muxtorning ma’naviy qiyofasini, bu qalbning tirikligini, yaratayotganini, umrboqiyligini ko‘rsatishga sa’y-harakatlar qilingan.
«Zakovatga erishish xususida» nomli birinchi suhbatdan bir parcha tinglang-a:
«Dedim:
– Balandlikka o‘xshash pastlik nedur?
– Dedilar:
– Nopisandlik.
Dedim: – Ojizlik alomati nedur?
Dedilar: – Millatchilik, mahalliychilik.
Dedim: – Bu illatlar nimalarga olib keladi?
Dedilar: – Adovatga.
Dedim: – Adovat-chi?
Dedilar: – Xunrezlikka.
Dedim: – Bu noxushliklarga qarshi qalqon nedur?
Dedilar: – Avval aytganimdek – aql!»
Ko‘rayapsizki, kishilarning diqqatini tortadigan eng dolzarb muammolar tilga olinadi va ko‘pincha bir so‘z bilan ishonchli tarzda javobi beriladi, ayni paytda, bu muammoning eng asosiy qirralari o‘sib, rivojlanib, butun borlig‘ini ochib, saboqlanib boradi.
Bu tarzda Asqad Muxtor (donoligi) falsafasini gavdalantirish katta mehnatni talab etadi. Asqad Muxtorning hayoti va ijodini to‘liq bilishdan tashqari, bu umrning, bu ijodning mohiyatini tushunish, anglash, tahlil va tadqiq etish va kvitessensiyasi (qaymog‘i)ni bermoq asosiy vazifa sanaladi. Birinchi suhbatda Nusrat Rahmat ana shu yo‘ldan boradi, kashf qilgan yangiliklar bo‘y ko‘rsatganda muallif va Asqad Muxtor hamkorligi qalblarni uyg‘otadi, undagi g‘uborlarni yuvadi, ezgulikka yo‘naltiradi.
«Ijod xususida» va «Axloq haqida» nomli suhbatlarda esa, yuqoridagi usuldan tashqari muallif Asqad Muxtorning o‘zini chorlaydi, uning turli asarlarida aytgan falsafiy mushohadalarini aynan keltiradi:
«Dedim:
– Axir hozirgi tanqidchilar sizni ayni dadilligingiz uchun tanqid qilishayapti-ku?
Dedilar:
– Ha, hamma mantiqsizlik shundaki, ular bizni qo‘rqqanimiz uchun emas, dadilligimiz uchun urishadi.
Dedim:
– Biz bor-budimizni rad etayapmiz. Ehtimol bu ham mantiqsizlikdir?
Dedilar:
– Zero, taqir yerda hech vaqo paydo bo‘lmaydi.
Eski mafkuraning ta’siri bor, deb hamma narsani inkor qilishning o‘zi ham bir mafkura emasmi? Biz badiiyatning barcha namunalarini ardoqlashimiz kerak. Badiiyatdagina emas, ilm, falsafa, dinda ham buyuk va tabarruk siymolar shunday qilganlar. Hatto g‘ayridinlar ibratli merosni tan olishgan. Yahudiylar o‘z dinlariga Misr ma’jusiylarining barcha qadriyatlarini qabul qilgan. Forobiy, Beruniy kabi allomalarimizga bosh egib hurmat bajo keltirgan o‘nlab aflotunlar musulmon emas edilar-ku!» (17-bet).
Ushbu dialogga Asqad Muxtorning «Tundaliklar»idagi quyidagi ikki asar (parcha) asos qilib olingan:
- Bizni tanqidchilar qo‘rqqanimiz uchun emas, ko‘pincha dadilligimiz uchun urishdi (130-bet).
- Bizda hozir bor-budimizni rad qilish avj olgan. Vaholanki, tap-taqir yerda hech vaqo paydo bo‘lmaydi. Eski mafkuraning ta’siri bor deb, hamma narsani inkor qilishning o‘zi ham bir mafkura emasmi? Biz badiiyatning barcha namunalarini ardoqlashimiz kerak.
Badiiyatdagina emas, ilmda, falsafada va dinda ham eng buyuk va tabarruk siymolar shunday qilganlar. Hatto g‘ayridinlar ibratli merosni tan olganlar. Yahudiylar o‘z dinlariga Misr ma’jusiylarining barcha qadriyatlarini qabul qilganlar. Forobiy, Beruniy kabi allomalarimiz bosh egib hurmat qilgan o‘nlab aflotunlar musulmon emas edi-ku?! (23-24-betlar).
Ushbu taqqos yuqoridagi fikrimizni isbot qilganidek, yana Asqad Muxtorning ba’zi fikrlarini Nusrat Rahmat o‘zgartirib (ikkala asarning oxirgi jumlasiga e’tibor qiling) yuborishini ko‘rsatadi yoki ba’zi o‘rinlarida Asqad Muxtorning fikr-u mulohazalarini o‘zining «kashfi»day berishini ham ko‘rish mumkin. Jumladan, «Uyqu qochganda»… (Tundalik)da Asqad Muxtor yozadi:
«Umar Xayyom mayin kuylagan. Ammo buni Abu Nuvosning xamriyatlari, Manuchehrning musammatlari va ko‘p sonli soqiynomalar bilan aralashtirmaslik kerak. Xursandchilik mayxo‘rligi boshqa, alamzadalik mayxo‘rligi boshqa. Xayyom kayfi – benihoya alamli va fojeiy kayf: inson o‘limga mahkum, u bir lahza bo‘lsa ham lazzat izlashi kerak. Chinakam shodlik lahzalarini guldek uzib emas, Dante aytgan abadiy so‘lmas gulzorga ko‘z tikib yashaydi. Abadiy so‘lmas gulzor esa – umid. Xayyomda insonning xudodan bo‘lak umidi yo‘q.
Xayyom ruboiylari foniy bandaning javobsiz faryodlaridir» (19-bet).
Ushbu fikr-mulohaza «Asqad Muxtor deydilar»da shunday ifoda qilinadi:
«Dedim
– Xayyom ruboiylari foniy dunyoning faryodlari emasmi?
Dedilar:
– Illo, shunday! Foniy dunyoning javobsiz faryodlaridir ular. Umar Xayyom aqidasicha, insonning xudodan o‘zga umidi yo‘q. Buni his etmoq, tushunmoq uchun yurakda e’tiqod, o‘t, dadillik kerak» (17-bet).
Bunday holatlar bir necha o‘rinlarda uchraydiki, bu Nusrat Rahmatga olqish keltirmaydi, balki o‘zganing (hatto ustozning ham) fikrini o‘zgartirish va o‘zlashtirish, bizningcha, ijodkor etikasiga xilofdir, tayyorga tashnalikdir, osonning ustidan yurishdir; Asqad Muxtor ijodini bilmaganlar uchungina «kashfiyot»dir.
Yana bir mulohaza. Nusrat Rahmat alloma Asqad Muxtor umrining oxirlarida, 90-yillarda yozgan «Uyqu qochganda…» asariga o‘ndan ortiq o‘rinlarda murojaat etadi. Lekin badiada bu 80-yillarning boshlaridagi suhbatlarda bo‘lib o‘tgandi, degan tasavvurni beradi. Natijada tarixiy aniqlik darz yeydi. Holbuki, badiada ham «yozuvchi yolg‘onni to‘qiydi-yu, haqiqatni yozadi» (A.Muxtorov). Bu badiiyatning bosh qonunidir.
Nusrat Rahmatning yutug‘i shundaki, «Tundalik»dagi xronologik tartibga bo‘ysunmagan voqealardan, Asqad Muxtor ta’kid etgan «biri bog‘dan, biri tog‘dan bo‘lgan gaplardan… sa’y-harakatiga turtki olib», ularni ma’lum mavzularga tartiblashtirgan, mantiqan bir-birini to‘ldiruvchi yaxlit suhbatlar yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Ustozining «Odissey arvohlarni o‘zi bilan suhbatlashishga ko‘ndirish uchun ularga o‘z qonidan berib tiriltiradi. Yozuvchi tarixiy shaxslar haqida yozganida shunday qilishi kerak» o‘gitiga amal qilgan va uning samarasi o‘laroq, Asqad Muxtor zamondoshimiz, buyugimiz, donomiz, ustozimiz bo‘lib gavdalanadi.
«Asqad Muxtor dedilar» badiasida shoirning bir necha she’rlarini keltiradi. Shulardan biri quyidagi to‘rtlikdir:
Ikki narsa og‘irdir ko‘nglimga asti,
Ikki narsa uchun yo‘q menda bardosh:
Biri – dushmanimning sho‘x qahqahasi,
Biri – do‘st ko‘zida yiltillagan yosh (26-bet)
To‘g‘ri, bu asar 1945 yilda shunday yozilgan bo‘lishi mumkin, lekin keyingi yillarda Asqad Muxtorning badiiy mahorati o‘sgan sayin, u ham o‘zgarib, tobora tiniqlashib, yoniqlashib, oxirida quyidagi to‘rtlikka, «birinchi yozilishdagi ruhiy quvvati va sehrini yo‘qotmagan» (Abdulla Oripov) dilbar to‘rtlikka aylangan:
Ikki narsa og‘irdir ko‘nglimga asli,
Ikki narsa uchun yo‘q menda bardosh:
Biri – dushmanimning shodon qahqahasi,
Biri – do‘st ko‘zida miltillagan yosh.
Ta’kidlangan so‘zlarning (garchi boshqalarining ham ahamiyati kam bo‘lmasa-da) bittasiga e’tibor qilaylik. Do‘st ko‘zidagi yosh (yiltillagan)da – uning ahvoli nochorligini, og‘irligini bildirmaydi, balki uning ahvoli yaxshiligini, nur taratayotganini anglatadi. Yosh «miltillaganda» – uning ahvoli chatoqligini, og‘ir ahvolda ekanligini, pichirlab, arang yonib turganini bildiradi va ana shu holatdagina asardagi ma’no va mantiq o‘zaro bog‘lanadi, «do‘stning yoshi» poetiklashadi…
Demak, badiada asarning mukammal variantini keltirish Asqad Muxtor poetik dunyosining go‘zalligini bekamu ko‘st ko‘rsatgan bo‘lardi.
Jajjigina, «bir nafas» bilan o‘qiladigan badianing bunchalar fikr-mulohaza uyg‘otganining o‘ziyoq, kitobchaning zarurligidan, qiziqarliligidan, betakrorligidan darak beradi.
Sizni ham bu asar o‘ziga chorlashi turgan gap.
Hotam UMUROV.