Chori boboning tajribasi asqotdi

Samarqand shahridagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida "Bir nuroniy - o‘n nafar yoshga mas’ul" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari S.Turdiyev hamda viloyat hokimi E.Turdimov nuroniylarning dono so‘zi, ibratli hayoti yoshlarning tarbiyali, odob-axloqli, ilm olishga intiluvchan bo‘lishida katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Ko‘rik-tanlov qatnashchilariga omad tiladi.

Tanlovda hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan nuroniylar o‘z hududida “Bir nuroniy - o‘n nafar yoshga mas’ul” loyihasi asosida amalga oshirgan ishlarini namoyish etdi.

- Davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvardagi “Yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, katta hayotiy tajriba, bilim va obro‘ga ega bo‘lgan 16 ming 224 nafar faol nuroniyga ish bilan band bo‘lmagan, moddiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj 150 ming nafardan ortiq  muammoli yoshlar biriktirilgan edi, - dedi S.Turdiyev. - Ushbu tanlovni tashkil qilishdan maqsad uyushmagan, tarbiyasi og‘ir yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, bilim va kasb-hunar egallashiga ko‘maklashish hamda yosh oilalar o‘rtasida ajrimlarning oldini olish, shuningdek, yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analariga hurmat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligi va hayotiy tajribasidan unumli foydalanishdir.

Ishtirokchilar o‘ziga biriktirilgan, tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan amalga oshirgan ishlari, ularning muammolariga yechim topishi, ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirish bo‘yicha chora-tadbirlari haqida ma’lumot berdi.

Tanlovda Surxondaryo viloyati vakili - 85 yoshli nuroniy Chori Jumayev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin viloyatimiz nomidan qatnashgan nurobodlik Solijon Xudoyorov hamda uchinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Nurmuhammad Tilavmuratovga nasib etdi. Birinchi o‘rin sohibi 27 million so‘m,  ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallaganlar 18 million so‘m va 9 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Boshqa ishtirokchilar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. 

- 65 yildan buyon yoshlar bilan ishlayman, -  deydi Chori bobo Jumayev. - Bu ko‘rik-tanlov boy tajribamizni amaliyotda qo‘llash imkonini berdi. Termiz shahridagi 37 mahallaning barchasida faoliyat olib boryapmiz. Hozir uyushmagan yoshlarga ish topishda ko‘maklashish, ularning bandligini ta’minlash uchun imtiyozli kreditlar olishda ko‘maklashayotganimiz yaxshi natija beryapti. Tarbiyasi og‘ir yoshlarni turli yomon odatlardan asrash maqsadida mahallalarda ta’sirchan targ‘ibot tadbirlari olib boryapmiz.

Tanlov tashkilotchilarining ta’kidlashicha, birinchi marta o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovning ijobiy tajribalari barcha hududlarda amaliyotda qo‘llaniladi.

Sulayman Mardiyev,

Fazliddin Ro‘ziboyev (surat).