Chumchuqlar nega yo‘qolib ketyapti?
O‘rta va katta yoshlilar yaxshi biladi, bir paytlar insonlarga eng yaqin yashovchi qush turlaridan biri chumchuqlar edi.
Masalan, bundan 10-15 yillar avval ham qishloq joylarda chumchuqlar shu qadar ko‘p ediki, odamlar mevali daraxt yo donli ekinlarini ulardan himoya qilish uchun maxsus tadbirlarni o‘ylab topishardi (rogatka, dala o‘rtasida odamga o‘xshab kiyintirilgan tayoq (qo‘riqchi)ni eslang).
Eshitganim, O‘zbekistonda ularning hind chumchug‘i, dala chumchuq, qora tomoq chumchuq nomli turlari uchraydi.
Ammo oxirgi yillarda qachon qishloqqa borsam e’tibor beryapman, chumchuqlar keskin kamayib ketgandek. Boshqa viloyatlarga qilgan safarlarimda ham qiziqib ko‘rdim, chumchuqlarni uchratish deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan.
Bu ularga qarshi kurashda foydalanilgan kimyoviy, biologik kurash choralari ta’sirimi yo afg‘on maynasi, zag‘izg‘onlar (olashaqshaq) turlararo kurashda ustun kelganmi, ishqilib biz qushlarning bir turini yo‘qotib qo‘ygandekmiz.
Adashmasam, O‘zbekiston Qizil kitobiga hali chumchuqlar haqida ma’lumot kiritilmagan.
Ekologiya vazirligi zoologlarga tayangan holda qushlarning shu turi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazsa bo‘larkan. Balki chumchuqlar allaqachon kirishi kerakdir bu kitobga?
Ilyos Safarov.