AQShning Nyu-Meksiko shtatida 100 minglab ko‘chmanchi qushlar o‘lik holda topildi

Amerikalik olimlar bir necha yuz minlab ko‘chmanchi qushlarni Nyu-Meksiko shtatida o‘lik holda topishdi. Bu haqda CNN telekompaniyasi xabar berdi.

Dastlab, 20 avgust kuni o‘lik qushlarning katta qismi White Sands raketa poligoni va mahalliy qo‘riqxona hududida topilgan. Keyinchalik bu holat yagona emasligi, yuz minglab qushlar shtat bo‘ylab halok bo‘lgani aniqlangan.

“Biz ko‘rib turganimizdan xulosa qiladigan bo‘lsak, so‘z yuz minglab, ehtimol, millionlab qushlar haqida bormoqda. Bu olti xonali raqam”, deb ta’kidladi Nyu-Meksiko shtati universiteti professori Marta Desmond. Shu bilan birga, Kolorado, Texas va qo‘shni Meksikada ham o‘lik qushlar aniqlangan.

Mutaxassislar qushlarning ommaviy qirilish sabablarini o‘rganmoqda. Ehtimoliy omillardan biri sifatida muddatidan ilgari qushlar migratsiyasiga sabab bo‘lgan Kaliforniya shtatidagi o‘rmon yong‘inlari aytilmoqda. Desmondning so‘zlariga ko‘ra, safar qilish uchun qushlarga oqsil va yog‘lar yetishmagan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ular Kaliforniya yong‘inlari sababli yuzaga kelgan o‘pka faoliyatining buzilishi tufayli ham halok bo‘lgan bo‘lishlari mumkin.

O‘lik qushlar Oregon shtatidagi maxsus laboratoriyaga yuboriladi. U yerda qushlarning ommaviy qirilish sabablariga aniqlik kiritiladi.