Chumchuqning ovchiga o‘giti
Bir ovchi chumchuqqa tuzoq qo‘yib, uni tutdi. Ovlangan chumchuq tilga kirib dedi:
– Ey ovchi sen shu vaqtgacha qo‘ylar, sigirlarni yeding. Ular bilan to‘ymading. Endi mening arzimas go‘shtimga to‘yasanmi? Meni qo‘yib yubor, evaziga senga foydali uchta o‘git aytaman... Bu o‘gitlardan birini qo‘lingda, qolganini esa daraxtda so‘ylayman.
Ovchi: "Yaxshi", dedi. Chumchuq ilk maslahatini berdi:
- Bo‘lmaydigan narsaga, kim so‘ylasa so‘ylasin, ishonma.
Ovchi ikkinchi o‘gitni eshitish uchun chumchuqni qo‘yib yubordi. Chumchuq devorga qo‘ndi, ikkinchi o‘gitni aytdi:
– O‘tgan-ketgan narsalar uchun g‘am yema. Fursatni boy bersang, xafa bo‘lma. Ayni paytdagi vaqtning bahosini bil. Pushaymonlik bilan vaqt o‘tkazma...
So‘ngra qo‘shimcha qildi:
– Ey ovchi, mening qornimda o‘n dirhamga teng bebaho inju bor edi. Senga ham, sendan keyingilarga ham yetardi. Afsus, qismating ekan, qo‘ldan qochirding. Bu injuning dunyoda boshqa bir tengi bo‘lmas.
Ovchi:
– Oh nima qilib qo‘ydim, nima uchun qo‘yib yubordim-a, - deya qayg‘urib yig‘lay boshladi. Shu payt chumchuq:
– Ey, ovchi nega yig‘layapsan? Men senga o‘tgan-ketgan narsalar uchun g‘am yema. Fursatni yo‘qotsang, xafa bo‘lma, deya o‘git bermadimmi? So‘ngra senga yana aytmadimmi: "Bo‘lmagan narsaga kim so‘ylasa so‘ylasin, ishonma" deb. Qanday anqov odamsan... Men o‘zim uch dirham chiqmayman. Qanday qilib qornimda o‘n dirhamlik inju bo‘lsin?...
Ovchining hushi joyiga keldi. Ziyrak qushga qarab dedi:
– Yaxshi, shu uchinchi go‘zal o‘giting nima? Uni ham ayt!
Chumchuq devordan o‘tib daraxtga qo‘ndi. Masxarali ohangda:
– Ey baraka topgur, ikki o‘gitimga amal qilmading, uchinchisini nima qilasan, qo‘yaver, vaqtimni olma, deya uchib ketdi.
Ovchi joyida tosh qotdi...
“Masnaviydan hikoyalar” kitobidan.