“Co‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida xavfsizlik qanday ta’minlanadi?

Samarqand viloyati IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov ichki ishlar organlari vakillari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda “Co‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari hamda yozgi bolalar oromgohlarida jamoat tartibini saqlash masalalari muhokama qilindi.

- Joylardagi IIB rahbarlari qolgan sektor raxbarlari bilan hamkorlikda oromgohlarga olib boruvchi yo‘llarni to‘liq ta’mirlash ishlarini amalga oshirish choralarini ko‘rishi zarur, - dedi R.Mamatov. - Bolalarni oromgohlarga faqat YPX patrul avtomobili kuzatuvi ostida, texnik soz (YHXB tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilganidan so‘ng) avtobuslarda olib borilishi kerak.

Shuningdek, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari vaqtida jamoat tartibi, fuqarolar hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatli vazifalar yuklatildi.

O‘quvchilarning guruh-guruh bo‘lib, bezorilik yoki boshqa turdagi noxush holatlarni sodir etish ehtimoliga yo‘l qo‘yilmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.

Hududlardagi bevosita yo‘l chetida joylashgan maktablar oldida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida YPX inspektorlari biriktirilishi, maktablarning joylashgan joyiga qarab transport vositalarining harakatini cheklash, imkon qadar o‘sha kuni barchaga jamoat transportida harakatlanishi bo‘yicha tavsiya berish, cho‘milish havzalari alohida nazoratga olinishi, anhor, kanal va cho‘milish havzalarida cho‘kish holatlarining oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borilishi belgilandi.

Barcha mahallalardagi 5 talik (MFY raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va ayollar bo‘yicha maslahatchi) to‘liq hududidagi maktablarga borishi, ushbu tadbirlarda ishtirok etishi va unga “bosh-qosh” bo‘lishi lozim. Joylarda maktab ma’muriyati o‘zboshimchalik bilan bolalarning ota-onalari bilan kelishib, dabdababozlik, restoran yoki choyxonada tadbir qilmasligi kerak.