Dam olish kunlari Berlinda ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi
Shanba va yakshanba kunlari Berlinda koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklov choralariga qarshi tashkil etilgan ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. 29 avgust kuni shaharda 316 kishi hibsga olindi, 131 nafar namoyishchiga qarshi ayblov e’lon qilindi, 33 nafar politsiya xodimi jarohatlandi. Germaniya bundestagi binosi yonida ro‘y bergan tartibsizliklar chog‘ida olomon temir panjaralarni yorib o‘tdi va binoning markaziy zinapoyasini egalladi. Germaniya telekanallari taqdim etgan video lavhalarda bor-yo‘g‘i uch nafar politsiyachi olomonni qaytarishga uringani aks ettirilgan. Keyinchalik yetib kelgan yordamchi kuchlar namoyishchilarni parlament zinapoyasidan chiqarib yubordi.
Olomonni bundestagga yorib kirishdan qaytargan uch nafar politsiyachining 31 avgust kuni Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashishi kutilmoqda. Bu haqda RIA Novosti nashriga Berlin politsiyasi ma’lum qildi.
“So‘zsiz bu sharmandali holat. Oradan bir necha daqiqa o‘tganidan so‘ng qo‘shimcha kuchlar voqea joyiga yetib kelgan. Biroq buning ustida ishlash kerak, albatta, kelajakda bunday holat takrorlanmasligi zarur”, dedi Berlin senatori.