Dam olish kunlari havo iliq bo‘lib, kelgusi haftadan salqinlashadi

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, bugun va ertaga respublika hududi bo‘yicha quyoshli va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Kunduz kunlari termometr ko‘rsatkichi +35…+37 darajagacha ko‘tariladi, bu ushbu kunlar me’yoridan 2-4 darajaga yuqori bo‘ladi.

Ammo, bugundan boshlab Volga bo‘yi hududlaridan sovuq antitsiklon kirib kelishi boshlanadi. Shanba kuniga kelib, havo harorati +30…+33 darajagacha, Ustyurtda +23…+26 darajagacha pasayadi. Shimolda va cho‘l hududlarida shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Yakshanba kunidan boshlab quruq va salqin havo O‘zbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kunduz kuni +32…+33 darajagacha, Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida esa +22…+27 darajagacha pasayadi.

Shuningdek, keyingi haftaning boshida sovuq antitsiklon ta’siri kuchayadi. Butun hududda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati barcha joylarda iqlimiy me’yorlargacha pasayadi, kechalari va ertalabki soatlarda +10…+13 darajani, kunduz kunlari +26…+29 darajani tashkil etadi.