Dam olish kunlari havo juda issiq bo‘lishi kutilmoqda

Bugun, 28 may kuni O‘zbekistonga Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi boshlanadi. Havo harorati 34-37 daraja atrofida bo‘ladi.

"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, dam olish kunlari juda issiq ob-havo O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Havo harorati 36-39 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 40-42 darajagacha ko‘tariladi. Respublika bo‘yicha asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat tog‘li hududlarda kunning ikkinchi yarmida konvektiv bulutlilik rivojlanishi bilan ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yil may oyining oxirida shunga o‘xshash vaziyat kuzatilgan. Ushbu davrda respublikaning shimolida va cho‘l hududlarida havo harorati may oyining oxiri uchun me’yoriy qiymatlardan 9-12 darajaga ko‘p bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida eng issiq kunlarda (26-28 may) havo 41-43 darajagacha, Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida ba’zi joylarda 40-45 darajagacha isigan. 26-27 mayda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyati cho‘l hududi bo‘yicha ba’zi joylarda meteokuzatuvlarning barcha qatorlari uchun may oyi haroratining yangi rekordlari o‘rnatildi.