Dam olish kunlari havo salqin bo‘ladi
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, 6 mayda respublika hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi havo harorati +18…+23 darajagacha pasayadi, bu may oyining boshi uchun bo‘lgan me’yordan 3−5 darajaga pastdir.
7 mayda respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kechasi +8…+13 darajagacha pasayadi, kunduzi harorat +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi.
Respublikaning ayrim joylarida do‘l yog‘ishi mumkin. 5 mayda shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, 6 mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda shamol 22−25 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bo‘lishi mumkin.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 5−7 may kunlari vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Baland tog‘larda (2000 metrdan yuqorida) yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.