Dam olish kunlari Samarqand sayyohlar bilan gavjum bo‘ldi

Xabaringiz bor, mamlakatimizda bayramlar munosabati bilan belgilangan dam olish kunlarida respublikamiz bo‘yicha ichki turizm uchun bir qator chegirmalar joriy etilgan. Buning natijasi shu kunlarda Samarqandda ham bilinmoqda — shahar sayyohlar bilan gavjum.

- O‘zim nafaqadaman, - deydi qashqadaryolik Yo‘ldosh Bozorov. – Sihatgohda davolanayotgandim. Men singari davolanayotgan bir guruh qashqadaryoliklar ham Samarqandga keldi. Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbara-majmuasida bo‘ldik.

– Ancha paytdan buyon Samarqandga kelishni maqsad qilgandik, – deydi sirdaryolik Olim O‘ktamov. – Mahalladoshlarim bilan keldik. Qadimiy shaharning ta’rifini so‘z bilan tasvirlash qiyin. Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohini ko‘rdik. Registon maydonida bo‘lib, uning tarixi bilan tanishdik.