Darddan xalos etganlarga bizdan salomlar!
Sakson yoshda tojdor virus kasalligidan tuzalib chiqdim. Og‘ir darddan xalos etib, meni qayta hayot baxsh etgan shifokorlardan cheksiz minnatdorman. Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi vrachlari Ibodulla Karimov, Qayum Sobirov, Lola Tursunqulova, Muhabbat Rahmonova, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari Sadafxon Rahmonqulova, Matluba To‘raqulova, Asliddin Ashurov, Hilola Shomurodova, Shoira Bekmirzayeva, Mohira Xudoyberdiyeva, Muattar Zokirovalar ko‘rsatgan mehr tufayli tuzaldim. Ularga bo‘lgan tashakkurimni kuyidagi she’r orqali ifodalashga harakat qildim.
Bizga ham dard, davo bergan Tangrimga shukur,
Qayta nafas, havo bergan Tangrimga shukur.
Sakson yoshda qalbga solib ilhom shavqini,
Zavq baxsh etib, navo bergan Tangrimga shukur.
Bizni intiq kutganlarga bizdan salomlar,
Bizni duo etganlarga bizdan salomlar!
Kun-tun duo aylagan ey, aziz do‘stlarim,
Yoru oshno, birodarlar, qaro ko‘zlarim.
Sog‘ingan ey, nabiralar, o‘g‘il-qizlarim,
Ukalarim, singillaru ham boldizlarim.
Bardam bo‘lsin, o‘ktam bo‘lsin, sog‘ bo‘lsin, deya
Ko‘kragi tog‘, kayfiyati chog‘ bo‘lsin, deya.
Bizni intiq kutganlarga bizdan salomlar,
Bizni xushnud etganlarga bizdan salomlar!
Tojdor virus jazavada kelib hurujga,
O‘xshab guyo shafqat bilmas yajuj-majujga.
Uzoq tunlar boshim uzra qoqmasdan mijja,
Ezgulikdan ko‘ngillarga yetkazib mujda,
O‘z sog‘lig‘in biror lahza o‘ylamay jichcha.
Mehrin quyosh etganlarga bizdan salomlar,
Darddan xalos etganlarga bizdan salomlar!
Elu xalqning omonligi, baxtini ko‘zlab,
Yurtga kelgan ofatlarga choralar izlab.
Xalq boshidan ketsin, deya mash’um falokat,
Yurt egasi ulug‘larga bizdan salomlar,
Mehr-shafqatli ulug‘larga bizdan salomlar!
Abdumurod ISMATOV,
mehnat faxriysi.