Darsliklardagi xatoliklarga qachon barham beriladi?
Bugungi ona tili darslik kitoblarining mazmuni qay darajada? Jahon ta’lim standartiga javob bera oladimi?
Ona tili darslik kitoblarining deyarli barchasida mavzular bo‘yicha qoidalar nazariy bilimlar asosida yoritilgan bo‘lsa-da (ular ham ba’zilari to‘liq emas), ularni dalillovchi aniq misollar bilan to‘ldirilmagan. Masalan, 5-sinf ona tili darsligida (2015 yil. 90-bet) olmosh so‘z turkumiga shunday ta’rif berilgan: «Ot, sifat, son va boshqa so‘zlar o‘rnida qo‘llanib, ularga ishora qiluvchi so‘zlar olmosh hisoblanadi».
Yashirib nima qilamiz, o‘quvchilarimiz aynan olmosh va ravish so‘z turkumlarini yillar davomida anglashi, ajratishi qiyin kechyapti? Chunki bu mavzular darslik kitoblarida aniq va keng yoritilmagan. Nazariyani asoslovchi dalillar to‘liq keltirilmagan. Holbuki, olmoshga 7-sinf ona tili darsligida (2017 yil, 18-bet) “Barcha mustaqil so‘z turkumlari, so‘z birikmasi va gap o‘rnida almashinib qo‘llaniluvchi, ularga ishora qiluvchi yoki so‘roq bildiruvchi so‘zlar olmosh hisoblanadi” deb to‘g‘ri ta’rif berilgan, ammo har bir keltirilgan fikrga dalillovchi misollar berilmagan.
Nazarimda uni quyidagi namunada berish lozim: 1. Olmosh ot o‘rnida: Sobir ertalab uxlab qoldi. Shuning uchun u darsga kechikib keldi. 2. Sifat o‘rnida: Men yangi kitob sotib oldim. Bu kitob menga juda yoqdi. 3. Son o‘rnida: Bog‘imizda 15 tup mevali daraxt bor. Anvarlarning bog‘iga ham shuncha mevali daraxt ko‘chatini o‘tqazdik. 4. Fe’l o‘rnida: Karim gullarni uza boshladi. Bu esa bog‘bonning jahlini chiqardi. 5. Ravish o‘rnida: Salima matnni juda tez o‘qidi. Madina ham shunday o‘qidi. 6. So‘z birikmasi o‘rnida: Abror Azizovning ma’ruzasi juda ta’sirli bo‘ldi. Bu ma’ruza butun jamoani oyoqqa turg‘izdi. 7. Gap o‘rnida: Orzum shuki, ota-onam uzoq umr ko‘rsin.
Darslik kitoblarda berilgan barcha nazariy ma’lumotlar, har bir fikr aniq misollar bilan yuqoridagi kabi asoslab berilsa, mavzu ham o‘quvchiga to‘liq holicha yetib boradi.
Bu kamchiliklar bartaraf etilmas ekan, o‘quvchilar savodsizligiga barham berilmaydi. O‘quvchilarda o‘qish savodxonligini oshirishimiz lozim. Bu tushuncha bugungi kunda nafaqat matnni to‘g‘ri o‘qiy olishni anglatadi, balki matn mazmunini o‘quvchi ongiga singdirishimizni talab etadi. Buning uchun darslikdagi ilmiy-nazariy ma’lumotlarni o‘quvchilarga ko‘r-ko‘rona yod oldirishimiz bugungi davr talabiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. O‘quvchi matn bilan ishlaganda har bir gapning, har bir so‘zning ma’nosini chuqur anglashi, mohiyatini, uning nima sababdan qo‘llanganini tushunishi kerak.
Olmosh so‘z turkumini o‘rganguncha o‘quvchi barcha mustaqil so‘zlar bilan tanish bo‘lishi kerak. Jumladan, ravish bilan ham. Darslik kitobda esa olmosh so‘z turkumi ot so‘z turkumidan keyin berilgan.
5-sinf ona tili darsligida (2015 yil, 101-bet) ravish so‘z turkumiga shunday ta’rif berilgan: "Qanday, qancha, qachon so‘roqlariga javob bo‘lib, harakatning holati, o‘rin, payt, sabab, daraja-miqdorini bildirgan so‘zlar ravish sanaladi". Ravish so‘z turkumi bilan birinchi bor tanishgan o‘quvchida shu ma’lumot bir umr saqlanib qoladi. 6-sinf ona tili darsligida esa (2017 yil. 177-bet) ravishga shunday ta’rif berilgan: "Harakat-holatning bajarilish tarzi, payti, o‘rni, daraja-miqdori kabi belgilarni bildiruvchi va qanday?, qachon, “qayer (-ga,-da,-dan) singari so‘roqlarga javob bo‘luvchi so‘zlar ravish deyiladi".
O‘quvchi, avvalo, kitobga tayanadi va ishonadi. Shuning uchun o‘qituvchiga o‘quvchi ongida ravish haqida to‘liq ma’lumotni singdirish ancha qiyinchilik tug‘diradi.
O‘qituvchi bergan ma’lumotni 30 foiz o‘quvchi anglashi mumkin. Qolgani-chi? Darslikdagi ma’lumot bilan cheklanadi, albatta. Ularga bu mavzuni singdirish uchun bir soat darsning o‘zi kifoya qilmaydi.
Men 5-sinfdan o‘quvchilarga ravish haqida iloji boricha oddiy va tushunarli chizmalar asosida to‘liq ma’lumot berilishini va har bir fikr misollar bilan ko‘rsatilishini tavsiya etardim. Masalan, harakatning bajarilish holatini, o‘rnini, paytini, daraja-miqdorini, maqsad-sababini bildirgan so‘zlar ravish deyiladi. Ravishlar qanday, qay tarzda, qay holda (holat); qayerda, qayerga, qayerdan (o‘rin); qachon (payt); qancha (daraja-miqdor); nima maqsadda, nima uchun (maqsad); nega, nima uchun, nima sababli (sabab) kabi so‘roqlarga javob bo‘ladi. Masalan:
1. Ravshan maktabga tez bordi. Qanday? Holat ravishi.
2. Ravshan maktabga orqa tarafdan bordi. Qayerdan? O‘rin ravishi.
3. Ravshan maktabga ertalab bordi. Qachon? Payt ravishi.
4. Ravshan maktabga ko‘p bordi. Qancha? Daraja-miqdor ravishi.
5. Ravshan maktabga atayin bordi. Nima maqsadda? Nega? Maqsad ravishi.
6. Ravshan maktabga noilojlikdan bordi. Nima sababli? Nega? Sabab ravishi.
Darslik kitoblardagi har bir mavzu bo‘yicha berilgan nazariy ma’lumotlar yuqorida ko‘rsatilgani kabi aniq va to‘liq holda misollar bilan asoslanib berilsa ayni muddao bo‘lardi.
11-sinf. Ona tili darsligi. (2018 yil. 19-bet) "Nutq to‘g‘riligi mavzusida shunday ta’rif berilgan: Adabiy til me’yorlariga amal qilinmasdan tuzilgan nutq to‘g‘ri nutq bo‘la olmaydi…. adabiy tilda quyidagi me’yorlar farqlanadi: 1) leksik me’yorlar; 2) talaffuz me’yorlari; 3) so‘z yasalishi me’yorlari; 4) morfologik me’yorlar; 5) sintaktik me’yorlar; 6) uslubiy me’yorlar".
Darslikda yuqorida keltirilgan ma’lumotlar aniq misollar asosida dalillanmagan. Shuningdek, darslikda berilgan mashqlar ham talab darajasida emas. Ona tili darslik kitoblarining barchasida bu kabi kamchiliklar mavjud.
Mavzular bo‘yicha berilgan mashqlar va topshiriqlar esa juda sodda. Ya’ni, Blum taksonomiyasida o‘quvchi bilimini baholaydigan bo‘lsak, bu topshiriqlar bilish, tushunish, qo‘llash darajasidan yuqoriga o‘tmagan. Holbuki, bugungi ta’lim yangiliklari o‘quvchilarda tahlil, baholash, yaratish bosqichlarini shakllantirishni talab etmoqda.
Xullas, o‘quvchilarda ta’limning yangicha yondashuv ko‘nikmalarini shakllantirish uchun, avvalo, darslik kitoblarida berilgan savollar va topshiriqlarni shunga moslab o‘zgartirib borishimiz lozim. Shunda o‘quvchi ham, o‘qituvchi ham ta’limning yangicha yondashuviga asta-sekinlik bilan moslashib boradi. O‘quvchilarga amaliyot orqali nazariyani singdirib borish imkoni yaratiladi. O‘quvchilarda o‘rgangan bilimlarini amalda qo‘llash ko‘nikmalari shakllanib boradi. Shunday ekan, darslik kitoblaridagi mashq va topshiriqlar ham shu maqsad asosida yanada takomillashtirilishi lozim, ya’ni o‘quvchini tanqidiy fikrlashga undovchi PISA test va topshiriqlari, STEAM talablari singdirilgan va boshqa fanlar bilan integratsiyalashtiruvchi topshiriqlar berilishi kerak.
Aziza SAYDULLAYeVA,
Samarqand shahar 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.