"Dastur doirasida hal etiladi": Elektr uzilishlari bo‘yicha murojaatlarga rasmiylar izohi

Aholining bir qator murojaatlari asosida kanalda e’lon qilingan “Gaz yo‘q, «svet» tez-tez o‘chadi, xonadonlardagi pechka ko‘mir yoqishga mo‘ljallanmagan...” sarlavhali xabarga “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ o‘z munosabatini bildirdi.

“Oqdaryo tumani To‘rtayg‘ir mahallasi va unga tutash qishloqlarda oxirgi bir hafta davomida elektr energiyasida uzilishlar kuzatilayotganligi hamda Past Darg‘om tumani Sazag‘on mahallasida qo‘shimcha yangi transformator punkti, beton ustunlar o‘rnatishni, shuningdek, havo elektr uzatish tarmog‘i tortib berishni va’da berishgan edi. Biroq hali ham ishlar boshlangani yo‘q” deya ta’kidlangan ikkala murojaat ham jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Oqdaryo tumani To‘rtayg‘ir mahallasi va unga tutash qishloqlarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi elektr qurilmalarida bir hafta avval avariya holati yuzaga kelganligi sababli elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan ekan. Hozirda ushbu hudud iste’molchilariga elektr energiyasi muntazam yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, Past Darg‘om tumani Sazag‘on mahallasi raisi T. Berdimurodovning murojaatiga javoban mahallaga bir dona 250/10 kVli qo‘shimcha transformator punktini o‘rnatish hamda 1 kilometr masofaga 0,4 kVli past kuchlanishli, 400 metr yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘i tortish ishlari joriy yilgi Davlat dasturi doirasida olib borilishi ko‘zda tutilgan.

Belgilangan ta’mirlash ishlari shu yilning dekabr oyi yakuniga qadar to‘liq bajariladi”, deyiladi “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ munosabatida.

Tahririyatga kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Oqdaryo tumani To‘rtayg‘ir qishlog‘i va uning atrofidagi elektr energiyasi uzilishlari hali ham to‘xtagani yo‘q. Jumladan, joriy yil 1 noyabr kuni soat 00.00dan 2 noyabr tonggi soat 05.00 gacha ham uzilishlar bo‘ldi.