Davlat Bobonov Samarqand tarixida ilk Olimpiada medalini qo‘lga kiritdi
Avval xabar berganimizdek, Samarqand dzyudo maktabi tarbiyalanuvchisi Davlat Bobonov Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilayotgan Olimpiya o‘yinlarida -90 kilogramm vazn toifasidagi bahsda turkiyalik raqibi Maykl Zgankni mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
D.Bobonov qo‘lga kiritgan bronza medali Samarqand tarixida Olimpiadada egallangan ilk medal sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.
Samarqand olimpiya zaxiralari kolleji sobiq tarbiyalanuvchisi Davlat Bobonov 2015 yildan buyon dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. 11 yil ustozi Nurali Qobilov qo‘l ostida shug‘ullanib, nufuzli musobaqalarda 7 ta oltin medalga sazovor bo‘lgan.
Biz Davlatning murabbiyi bilan telefon orqali bog‘landik.
- Davlatning musobaqada g‘olib bo‘lishiga o‘ziga bo‘lgan ishonchi va irodasi mustahkamligi qo‘l keldi, - deydi murabbiyi N.Qobilov. - Raqiblari haqiqatda kuchli edi. O‘tgan yili Germaniyada o‘tkazilgan katta dubulg‘a bellashuvida oltin medalni qo‘lga kiritib, respublikada “Yilning eng yaxshi sportchisi” degan nomga sazovor bo‘lgani, shu yilda Vengriyaning Budapesht shahrida Olimpiada yo‘llanmasi uchun kechgan jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritib, Samarqand tarixini yangilaganda ham bugungidek quvongandik.
Biz bunday tarixiy voqeani yaqinlari bilan baham ko‘rish maqsadida qahramonimizning otasi - Navoiy viloyatining Nurota tumanida yashovchi Husniddin Bobonovga qo‘ng‘iroq qildik.
- Barcha uchun farzandini g‘alabasini ko‘rish eng katta baxt, - deydi otasi H.Bobonov. – Bu g‘alaba o‘g‘limning orzusi bo‘lib kelgandi, mana bu ham ushaldi. Aslida, o‘g‘lim Davlatning kurashga bo‘lgan mehri 6 yoshidan boshlandi. Bu qiziqish unga otamdan, ya’ni bobosi Jiyanmurod polvondan o‘tgan bo‘lsa ajabmas. Nurotada amakisi Shahobiddin Bobonov qo‘l ostida 12 yoshgacha shug‘ullandi va Samarqand olimpiya zaxiralari kollejiga olib borib ustozi Nurali Qobilovga topshirdi.
Mana, qarangki, o‘g‘lim Samarqandda ko‘plab yutuqlarga erishib, Samarqand davlat universitetida grant asosida o‘qidi. Shu sababli Olimpiada musobaqasida Samarqand nomidan ishtirok etdi. Uni hamma samarqandlik deb biladi. Men bundan faxrlanaman. Bu g‘alabasi uchun Prezidentimizdan, mana shunday yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatidan minnatdorman. Ustozlariga, ularni qo‘llab-quvvatlayotgan rahbarlarga, barcha-barchaga rahmat aytaman. Yurtimiz sharafini himoya qilishga bel bog‘lagan barcha sportchiga omad tilayman.
Husan Eltoyev.