Davlat byudjetining yarmidan ortig‘i ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi

2020 yil 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.

Parlament a’zolariga qonun loyihasi bilan birga 2022–2023 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi ham taqdim etildi. Ular kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi ehtimoli borligidan kelib chiqib shakllantirilgan.

Asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga qaratilmoqda. Ya’ni, YaIM o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda, 5,1 % miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Sanoat ishlab chiqarish hajmi 5,8 %, qurilishda 6,5 %, qishloq xo‘jaligida 2,7 % va xizmatlar sohasida 6,4 % ko‘payishi nazarda tutilmoqda.

2021 yilda YaIM 688,9 trillion so‘mni, Davlat byudjeti daromadlari 147 trillion so‘m yoki YaIMga nisbatan 21,3 % darajasida bo‘lishi kutilmoqda.

Davlat byudjetining xarajatlari 165,7 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu 2020 yildagiga nisbatan 24 foizga ko‘p bo‘lib, bunda Davlat byudjet xarajatlarining yarmidan ortig‘i ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi.

Qonun loyihasida byudjet sohasiga oid qator o‘zgartirishlar nazarda tutilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasiga koronavirus pandemiyasi davrida birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun respublika byudjetidan ob’yektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga ajratiladigan mablag‘larni boshqa birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish vakolati berilmoqda.

Mahalliy hokimliklarga yuqori turuvchi byudjetlardan ajratilishi rejalashtirilgan byudjetlararo transfertlar miqdorlarini inobatga olib, tegishli mahalliy byudjetlar loyihalari balansliligini ta’minlagan holda navbatdagi yil uchun tegishli mahalliy byudjetlarning daromadlar va xarajatlar prognozlariga teng miqdorda o‘zgartirishlar kiritish huquqi taqdim etilmoqda.

Byudjet jarayonining shaffofligini yanada oshirish maqsadida Davlat byudjeti ijrosiga doir ma’lumotlarni vazirlik va idoralar tomonidan o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinmagan taqdirda, tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul rahbar xodimlariga jarima qo‘llash taklif qilinmoqda.

2021 yilda byudjet xarajatlarida ta’lim sohasida davlat dasturlarini amalga oshirish xarajatlariga salkam 2,2 trillion so‘m, shu jumladan, ilk bor chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash xarajatlari uchun 30 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda. Nodavlat MTM tarmog‘i kengayganligini inobatga olgan holda, Davlat byudjetidan ushbu muassasalarga 600 milliard so‘m, ya’ni joriy yilga nisbatan ikki barobar ko‘p subsidiyalar ajratish rejalashtirilmoqda.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.