Davlat dasturiga kiritilgan bir qator qurilish ob’yektlarida jiddiy kamchiliklar aniqlangan
Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3-sektor rahbari R.T.Mamatov ma’lum qilgan.
Aytilishicha, sektor hududiy ishchi guruhi hamda IIB xodimlari tomonidan dasturlar ijrosi davomida korrupsion holatlar, manfaatlar to‘qnashuvi va byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishiga imkon beruvchi holatlar tezkor yo‘llar bilan o‘rganib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida ob’yektlarning qurilish ishlarida buyurtmachining texnik hamda loyihachining mualliflik nazorati qoniqarsiz ahvolda ekanligi, natijada ob’yektlarda qurilish ishlari sifatsiz bajarilgan holatlar mavjudligi ham aniqlangan.
Ayrim ob’yektlarda:
- ijro hujjatlar yuritilmayotganligi,
- notekis pardozlash ishlari bajarilayotganligi,
- ob’yektlarda texnik va mualliflik nazorati o‘rnatilmaganligi,
- elektr montaj ishlari qurilish me’yorlari talablari asosida bajarilmayotganligi,
- g‘isht terish ishlarida g‘isht orasiga qo‘yiladigan
SG-1 setka o‘rniga sim o‘rnatilganligi,
- devor kesishmalarida g‘isht terish ishlari sifatsiz bajarilgan, g‘ishtlar bir biriga (svyazka) bog‘lab terilmaganligi,
- ob’yektlarning tom qismidagi yog‘ochlarni yong‘inga qarshi ishlov berilmaganligi kabi bir qator kamchiliklar aniqlangan.
Misol uchun, bu kabi kamchiliklar Urgut tumani Mergancha mahallasining “Yangi O‘zbekiston” massividagi maktab qurilishida, Samarqand tumani Gulobod qo‘rg‘oni hududidagi Prezident ta’lim muassasalari tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab qurilishida, Nurobod tumani Nurdum mahallasi “Saroyqo‘rg‘on” qishlog‘idagi 39-maktab filiali qurilishida kuzatilgan.
“Yuqorida sanab o‘tgan kamchiliklarni boshqa ob’yektlarda ko‘plab uchratish mumkin, bizning vazifamiz esa kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni bartaraf etishni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda doimiy sifat nazoratini o‘rnatish hisoblanadi”, deyiladi R.Mamatovning hisobotida.