Davlat dasturining 2021 yil I choragidagi ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021 yilning birinchi choragidagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.  

Ta’kidlanganidek, joriy yildagi Davlat dasturi 273 ta banddan iborat bo‘lib, uning ijrosi doirasida umumiy qiymati 29,5 trln so‘m, 2,6 mlrd AQSh dollari hamda 57,5 mln yevroga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Birinchi chorakda ijrosi ta’minlanishi belgilangan 41 ta topshiriqning 32 tasi to‘liq bajarilgan.

Hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Dasturda ijro muddati kelmagan 15 ta banddagi vazifalar bajarilishi ta’minlangan.

Hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 103,0 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 46,7 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 102,8 foizga o‘sgan. Davlat byudjeti ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 18,2 trln so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38,6 foizga oshgan.

Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 mlrd dollar, shundan 818 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya bo‘lgan 453 ta loyiha amalga oshirilgan va buning natijasida 35 897 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.

Har bir tuman (shahar)da “Yoshlar dasturlari” ijrosi tizimli yo‘lga qo‘yilib, 271 ming 495 nafardan ortiq yoshlarning bandligi ta’minlangan. 62 ming 441 nafar yoshlar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan hamda 27 ming 236 nafar yoshlar “1+1” loyihasi asosida tadbirkor va usta-hunarmandlarga biriktirilgan.

Yangi tashkil qilingan “Yoshlar jamg‘armalari” mablag‘laridan 17 mlrd 504 mln so‘m mablag‘ sarflanib, “Yoshlar daftari”ga kirgan 24 ming 904 nafardan ortiq yoshlarning muammolari hal etilishiga ko‘maklashilgan.

Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida 660 ming doza AstraZeneca va 1 mln doza ZF-UZ-VAK 2001 vaksinasi olib kelingan. Emlash ishlarini amalga oshirish uchun respublikada 3 138 ta punkt va 862 ta harakatdagi brigada tashkil etilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan Dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi ta’kidlandi.

Xususan, Dasturda ijrosi I chorakda ta’minlanishi belgilangan ba’zi topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmagan. Jumladan, Davlat dasturining 145-bandida 1 martga qadar aholining minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish vazifasi qayd etilgan bo‘lib, mazkur band ijrosi yuzasidan me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Dasturning 120-bandida 20 martga qadar  qishloq xo‘jaligida yer munosabatlari bo‘yicha islohotlarni yanada takomillashtirish, yerlarni bozor aktivlariga aylantirish hamda yer uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinishi belgilangan. Biroq mazkur topshiriq bajarilmagan.

Shuningdek, ayrim hujjatlar loyihalari ijrochilar tomonidan o‘z vaqtida ishlab chiqilmaganligi hududlarda shu yo‘nalishdagi islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham ta’kidlandi.

Qizg‘in savol-javoblar asosida o‘tgan Davlat dasturi ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Dasturning 38-bandidagi Inflyasiyaviy targetlash doirasida 2021 yilda inflyasiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik hamda narx-navo barqarorligi, Dasturning 43-bandidagi davlat qarzi bo‘yicha ma’lumotlarning yanada ochiqligini ta’minlash vazifasining bajarilish holati, Dasturning 120-bandidagi  Qishloq xo‘jaligida yer munosabatlari bo‘yicha islohotlarni yanada takomillashtirish, yer uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish, Dasturning 261-bandidagi xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston mehnat migrantlariga xizmat ko‘rsatish, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish tizimini tubdan rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar kabi masalalar yuzasidan mutasaddilar javoblari eshitildi.

Muhokamalar so‘nggida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.