Davlat dasturining viloyatdagi ijrosi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi tashkil etildi

“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyat bo‘linmasi va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida belgilangan vazifalarning Samarqand viloyatida fevral-mart oylaridagi ijrosi yuzasidan tegishli mas’ul boshqarma va idoralar vakillarining axborotlari tinglandi.

Xususan, mas’ullar tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida mahalla va qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, kambag‘allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirish va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar keng jamoatchilik e’tiboriga taqdim qilindi.

- Mazkur formatda tashkil etilayotgan jamoatchilik eshituvidan ko‘zlangan maqsad kimningdir kamchiligini ko‘rsatish yoki tanqid qilishdan iborat emas, - deydi “Yuksalish” ummummilliy harakati Samarqand viloyat bo‘linmasi rahbari Elyor Hamroyev. - Balki qo‘yilgan vazifalarning o‘z vaqtida va lozim darajada ijro etilishini ta’minlashga ko‘maklashish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va rivojlanish jarayonlarini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

Tadbirda viloyat Kengashi deputatlari, tegishli boshqarma va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mas’ullarga murojaat qildi. Takliflar o‘rtaga tashlandi.

Ahamiyatlisi, bu tadbirda deputatlar faol bo‘ldi. Ular mas’ullardan Davlat dasturining tegishli bandlari bo‘yicha o‘tgan ikki oy davomida bajarilgan ishlar to‘g‘risida aniq va lo‘nda ma’lumot berishini talab qildi.

Viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi vakili tomonidan berilgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar eshituvchilarni qoniqtirmadi.

To‘lqin Siddiqov.