Davlat idoralari faoliyatida ochiqlikni buzganlik uchun javobgarlik bor

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash demokratik davlat qurishning asosiy shartlaridan hisoblanadi. Ochiqlik davlat idoralari tomonidan taqdim etiladigan axborotdan hammaning foydalanishi, axborotning o‘z vaqtida berilishi va ishonchliligi, idoralar hamda mansabdor shaxslar faoliyatining oshkoraligi va shaffofligi, har kimning bu idoralarning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini ta’minlashga qaratiladi. Bejiz Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, deb ta’kidlamagan edi.

O‘zbekistonni yangilash, davlat  boshqaruvini isloh qilish, fuqarolar murojaatlariga hurmat bilan qarash, mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi hisobdorligini oshirish, inson qadrini baland qo‘yish keyingi yillar o‘tkazayotgan islohotlarimizning asosiy mohiyatini tashkil etadi. Davlat idoralari faoliyatida ochiqlik ta’minlanar ekan, odamlar amalga oshirilayotgan islohotlarga katta qiziqish bilan qaraydi, islohotlarning bevosita ishtirokchisiga aylanadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni jamiyatda ochiqlikni ta’minlashdagi ishlarda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. Qonun fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanishini huquqiy kafolatlash bilan bir qatorda davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning shakl va uslublari, davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini belgilab berdi. 

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat idoralari faoliyati to‘g‘risidagi axborot manbalari ularning rasmiy nashrlari, mansabdorlarning, chiqishlari va bayonotlari, axborot xizmatlarining xabarlari, rasmiy veb-saytlari va ommaviy axborot vositalarining materiallari hisoblanadi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenting 2021 yil 16 iyunda qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini ta’minlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirishga xizmat qiladi. Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlariga 35 ta toifadagi axborotlarni joylashtirib borish vazifasi yuklatildi va ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati ham tasdiqlandi.  

Ochiqlikni ta’minlash o‘z navbatida jamiyatdagi illatlar, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali va ta’sirchan shakli hisoblanadi. Shuning uchun ham davlat o‘z faoliyatida ochiqlikni ta’minlashdan manfaatdor. Shunday ekan, hech kim davlat idoralari faoliyatidagi ochiqlikni ta’minlashda to‘sqinlik qilishi yoki fuqarolarning axborot olishlariga monelik qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Amaldagi qonunchilikda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, mazkur javobgarlik aynan qaysi huquqiy norma asosida tartibga solinishi belgilanmagan edi. 2022 yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 2157-moddasi bilan to‘ldirilib, unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Shuningdek, mazkur Kodeks 24510-moddasi bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra, mazkur toifadagi ishlar yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish tartibi joriy etildi.   Endilikda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, jumladan, Ochiq ma’lumot sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni e’lon qilmaslik yoki to‘liq e’lon qilmaslik, e’lon qilish muddati va tartibini buzish yoki ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlashda javobgarlikning kuchaytirilishi, davlat hokimiyat va boshqaruv organlari samaradorligini oshirish,  ular faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, mamlakatimizning xalqaro imidjini ko‘tarishga xizmat qilishi bilan birga, yangi jamiyat qurish kafolatlarini kengaytiradi.

Gulnora Xudoyberdiyeva,

Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.