Davlat idoralari xodimlariga necha kun ta’til beriladi?
2022 yilning 28 oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, joriy yilning 1 may sanasidan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi kuchga kirdi.
Viloyat hokimligida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida mehnat munosabatlari bilan ishlash, amaliyotda mehnat munosabatlari bo‘yicha muammolar va ularning yechimiga bag‘ishlangan seminarda mazkur hujjat mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari B.Rahmatullayev yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga kiritilgan ayrim o‘zgarish va qo‘shimchalarga to‘xtaldi.
Qonunchilikda xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda muddatlar xodimlar toifasi va tashkilotning mulkchilik shaklini inobatga olgan holda qo‘llanishi, masalan, rahbar xodimlar o‘z arizalarini ikki oy oldin, uning o‘rinbosarlari bir oy oldin, davlat elementi bilan bog‘liq bo‘lmagan korxona xodimlari ish beruvchini yetti kunlik muddatda ogohlantirishi belgilangan, - dedi B.Rahmatullayev. – Xususan, eski tahrirdagi mehnat kodeksining 113-moddasida xodimni ishdan chetlashtirish asoslari va tartibi belgilangan bo‘lib, mazkur moddada ish beruvchi xodimni qancha muddatga ishdan chetlashtirishi aniqlashtirilmagan edi. Endilikda, yangi tahrirdagi kodeksning 151-moddasiga ko‘ra, ishdan chetlashtirish asoslari aniqlashtirilishi bilan birga, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilguniga qadar butun davrga uni ishdan chetlashtirishi belgilandi.
Mehnat shartlarini o‘zgartirish sohasida eski mehnat kodeksining 89-moddasida ish beruvchi xodim roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirishi mumkinligi va bu borada xodimni kamida ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirishi, taraflar kelishuviga ko‘ra, ushbu muddat qisqartirilishi mumkinligi belgilangan. Bu yerda muammo shunda ediki, xodim va ish beruvchi kelishuviga ko‘ra, mazkur ikki oylik muddat pullik kompensatsiyaga almashtirilishi nazarda tutilmaganligi bois nizoni hal qilishda noaniqliklar vujudga kelar edi.
Yangi tahrirdagi mehnat kodeksining 137-moddasi ish beruvchining mehnat shartlarini xodimning roziligisiz o‘zgartirish huquqi deb nomlanib, endilikda ish beruvchi mehnat shartlarining kelgusidagi o‘zgarishi to‘g‘risida xodimni ogohlantirishning ikki haftadan ortiq bo‘lgan muddatini mutanosib pulli kompensatsiya bilan almashtirishga haqli. Bunda xodimni ogohlantirish paytidan e’tiboran ikki haftalik ogohlantirish muddati faqat xodimning roziligi bilan pulli kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkinligi belgilandi.
Seminar davomida yangi Mehnat kodeksida xodimlarga beriladigan yillik asosiy ta’til muddati, ish haqi qisman saqlanadigan qo‘shimcha ta’tillar hamda ishga qabul qilinayotgan shaxslarga sinov muddatlari haqida mutaxassislar tomonidan tushuntirish berildi.
- Eski tahrirdagi Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimga 15 ish kunidan kam bo‘lmagan holda yillik mehnat ta’tili berilar edi, - deydi viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Orif Muhammadiyev. – Kuchga kirgan Mehnat kodeksida yillik asosiy ta’til muddatining eng kam miqdori 21 kalendar kuni etib belgilandi. Bunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga davomiyligi 27 kalendar kun bo‘lgan har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi.