Davlat idoralariga ishonchi bo‘lgan xalqda huquqiy ong, huquqiy madaniyat oshadi

Samarqand viloyat Matbuot uyida Prezidentimizning «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘isida»gi farmoni ijrosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat adliya boshqarmasi mutasaddilari hamda jurnalistlar ana shunday xulosaga kelishdi.

- Keyingi yillarda aholi murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha davlatimiz rahbarining virtual qabulxonalari, xalq qabulxonalari, qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, hukumat va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining odamlar bilan ochiq muloqot qilish tizimlarining yaratilgani xalqimizning huquqiy ongi yuksalishiga xizmat qilmoqda, - deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari H.Xo‘jamqulov. – To‘g‘ri, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir me’yoriy hujjat yoki konsepsiya ilgari ham mavjud edi. Ammo bu boradagi sa’y-harakatlar faqat hisobot uchungina qilingani, yolg‘on raqamlar bilan «boyitilib» kelingani bois bu tizim o‘zini oqlamadi. Bugun Prezidentimizning yuqorida ta’kidlangan farmoni va bu bo‘yicha ishlab chiqilgan Konsepsiyada belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Endi barcha vazirlik va idoralar rahbarlari Konsepsiyada nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. Adliya vazirligi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi.

Viloyat misolida oladigan bo‘lsak, ushbu farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyatdagi 17 idora va tashkilotlar ishtirokida ishchi guruhi shakllantirilib, 16 banddan iborat «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlab oldik. Telegramm tarmog‘ida «Huquqiy ong - targ‘ibot» guruhini ochib, unga boshqarma tomonidan barcha targ‘ibot materiallari elektron shaklda joylashtirib borilmoqda. Joylardagi adliya bo‘limlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda mahallalar, muassasalar, yoshlar ittifoqi tuzilmalari, harbiy qismlar va boshqa jamoat tashkilotlarida huquqiy targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari muntazam o‘tkazilmoqda.

Tadbirda huquqiy madaniyatni targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni alohida ekanligi nazarda tutilib, hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, sud-huquq tizimida tatbiq etilayotgan yangilik hamda islohotlarni birgalikda yoritib borishga kelishib olindi.

Abdug‘ofur SHERXOLOV.