Har qanday yoritiladigan material huquqiy asoslangan bo‘lishi lozim
“Jurnalistika: huquqiy amaliyot va ko‘nikmalar” mavzusida Samarqand shahrida tashkil etilgan ikki kunlik o‘quv-seminarida xuddi shu masala yuzasidan fikr yuritildi.
Unda viloyatimizdagi ommaviy axborot vositalari, internet nashrlar, tashkilotlar matbuot xizmati xodimlarining huquqiy bilimlari oshirildi.
Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yuridik fanlari doktori Boboqul Toshev har qanday yoritiladigan material huquqiy asoslangan bo‘lishi, ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunda belgilangan me’yorlarga mos kelishi lozimligi, haqida gapirdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi F.Toshev viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan soha vakillariga bu kabi seminarlardan samarali foydalanish kerakligi, orttirgan tajribalarini o‘zlari bilan ishlayotgan xodimlarga ham yetkazishi zarurligi hamda amaliyotda qo‘llashi xususida so‘z yuritdi.
Seminarda jurnalistning huquq va majburiyatlari, uning faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, daxlsizligi, kasbga oid odob-axloq qoidalari, maqolalar shaxs va jamiyat manfaatini ko‘zlagan holda xolislik mezonlari asosida yoritilishi, qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik masalalari tushuntirildi.
Shuningdek, yuridik adabiyot va lug‘atlardan foydalanish, terminlarni to‘g‘ri qo‘llash, nutq va yozma qobiliyatni rivojlantirish orqali suhbatdosh bilan yuridik tilda muloqotga kirishish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Eng muhimi, fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etmaslik, shaxsiy hayot daxlsizligini buzmaslik, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid axborotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish masalalari haqida atroflicha so‘z yuritildi.
– Huquqiy targ‘ibotni aholiga yetkazishda OAV bilan hamkorlik eng oson va maqbul yo‘l sifatida o‘z samarasini berib kelmoqda, – dedi B.Toshev. – Shu sabab, bu kabi o‘quv-seminarlarni viloyatlarning o‘zida tashkil etyapmiz. Bunda biz ham yangi g‘oyalar, takliflar olamiz va uni hayotga tatbiq etamiz. Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Husan ELTOYeV.