Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari: Ular faoliyatining huquqiy ta’minlash darajasini qanday oshirish mumkin?

Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat barpo etish uchun sa’y-harakatlar davom etyapti. Buning uchun zarur qonun, farmon, qaror va me’yoriy hujjatlar qabul qilinmoqda. Endigi maqsad - davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida qonun ustuvorligiga erishish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlashdan iborat.

Xo‘sh, bunga erishish uchun nima qilish kerak?

Tabiiyki, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash sifatini yaxshilashda yuridik xizmat muhim o‘rin tutadi. Bundan ko‘rinadiki, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini huquqiy ta’minlash darajasini oshirish uchun yuridik xizmat xodimlarining kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish zarur. Shuningdek, ular faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlashni yaxshilash hamda davlat organlari faoliyatini huquqiy ta’minlashning yuqori sifati uchun ularning roli va javobgarligini kuchaytirish kerak.

Buning uchun, birinchidan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat tashkilotlarida yuridik xizmat faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarur.

Ikkinchidan, yuridik xizmat xodimlarining vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari aniq me’yorlar asosida bo‘lishi lozim.

Uchinchidan, ularni ma’lum vaqt oralig‘ida attestatsiyadan o‘tkazish va malakalarini oshirish tartibini qat’iy belgilash kerak.

Shuningdek, yuridik xizmat faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilinishi hamda yuridik xizmat faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari rahbarlarining shaxsan javobgar ekanligini ularga bildirish va ijrosini ta’minlashning qat’iy mexanizmini ishlab chiqish zarur.

Yuridik xizmat xodimi tashkilotning huquq ijodkorligi, normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan talablarga muvofiq yuritish, tashkilot xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni va mohiyatini ularga yetkazishda qatnashishining o‘ziyoq bu ish bilan mashg‘ul xodimning qanday bilim va salohiyatga ega bo‘lishi shartligini ko‘rsatadi. Qolaversa, u tashkilot va uning tizimiga kiradigan bo‘linmalar, ularning mansabdor shaxslari faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga ko‘maklashish, shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritishda qatnashish, shuningdek sudlarda va boshqa idoralarda tashkilotning mulkiy va boshqa manfaatlarini himoya qilishga mas’ul shaxs.

Demak, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatining huquqiy ta’minlash darajasini oshirish uchun, avvalo, yuridik xizmat xodimi bilim va salohiyatli bo‘lishini ta’minlash, buning uchun esa uning mas’uliyatini yanada oshirish talab etiladi.

Elbek Olimov,

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi, 3-darajali yurist.