Davlat xaridlari nima?

Shuningdek, davlat byudjeti, markazlashtirilgan manbalar va davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanishga imkon yaratadi.

Qonun xaridlarning besh tartib-taomilini belgilaydi, shundan ikkitasi davlat xaridi bo‘yicha qaror qabul qilishda inson omilini butkul inkor etadi. Qolgan xarid tartib-taomillari shaffofligi maxsus axborot portalida zarur axborot chop etish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Elektron do‘kon va auksionda g‘olibni aniqlash avtomatik tarzda elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Maxsus talablar tatbiq etilmaydigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) elektron do‘kon orqali xarid qilinadi. Byudjet buyurtmachilari uchun eng kam ish haqining 25 baravari, yiliga eng kam ish haqining 2500 baravaridan, korporativ buyurtmachilar uchun yiliga eng kam ish haqining 250 baravaridan ortiq bo‘lmagan limitlar o‘rnatildi.

Avval elektron savdo orqali birjada faqat 10-13 tovar, ish, xizmatlar guruhi ro‘yxatga kirgan, 100 ming AQSh dollari qiymatigacha faqat birinchi darajada zarur tovarlar xarid qilingan. Tanlov savdolari o‘rnatilgan mezonlarga javob beradigan tovar (ishlar, xizmatlar)ning barcha turlariga tatbiq etiladi. Ilgari tanlov savdolarini o‘tkazish mexanizmi faqat kapital qurilish sohasida amal qilar edi. Tender tanlovlari uchun byudjet buyurtmachilariga – yiliga eng kam ish haqining 6000, korporativ buyurtmachilarga esa yiliga eng kam ish haqining 25000 baravaridan yuqori limitlar o‘rnatilgan.

Qonun bilan xarid qilish tartib-taomillari ustidan monitoring va nazorat tartibga solinmoqda. Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha tuzilayotgan komissiyaning faoliyati xaridlarning barcha turlariga tadbiq etiladi. Ilgari davlat xaridlarini nazorat qilish masalasi tartibga solinmagan, nizo va kelishmovchiliklar faqat elektron savdolar bo‘yicha maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali xarid.uz internet manzilida rasman ishga tushdi. Endilikda portalda davlat xaridlari bo‘yicha barcha e’lonlar va ularning natijalari joylashtiriladi hamda davlat xaridlari elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirishga qaratilgan elektron auksion shakllarida o‘tkaziladi.

Hamza TO‘YChIYeV,

viloyat g‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i.