Davlat xizmatchilari konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol ishtirok etishi muhim

Davlat boshqaruvi akademiyasida shu mavzuda ochiq muloqot tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov ishtirok etdi.

— Ayni damda muloqotimizda Agentlikning barcha xodimlari, davlat organlari va tashkilotlarining mas’ul vakillari ishtirok etmoqda. Bugun Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, mazkur islohotlarning amaliy ifodasi aholining kundalik hayotiga, turmushiga qanday o‘ringa ega bo‘lishini tushuntirish va targ‘ib qilish muhim vazifadir. Bunday jarayonda ishtirokchi sifatida, avvalo, davlat xizmatchilarining o‘zida Konstitutsiyaviy islohotlar haqida bilim va ko‘nikma bo‘lishi lozim.

Bugun biz muloqotimiz davomida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini bandma-band ko‘rib chiqamiz, fikr-mulohazalarimizni almashamiz. Maqsad bitta — umumxalq muhokamasida ishtirok etib, Qonun loyihasini yanada takomillashtirishga erishish, — dedi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov.

Muloqot avvalida konstitutsiyaviy islohot jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 6 noyabr kuni o‘z lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak”, degan taklifni ilgari surdi.

Taklifning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan 20 may kuni Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va o‘z faoliyatini boshladi.

Bugunga qadar O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiyaga 60 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan.

Prezident 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashdi. Uchrashuvda davlatimiz rahbari aholining faolligini, mamlakat kelajagiga daxldorlik hissini yuksak baholadi va konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi.

Joriy yilning 24 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini e’lon qildi.  Loyihaning umumxalq muhokamasi 5 iyulga qadar davom etadi.

Muloqot davomida ishtirokchilar qator takliflarini bildirishdi, bahs-munozaralar davomida sohaga tegishli bandlar ham muhokama qilindi. Bu kabi ochiq muloqotlarni mehnat jamoalarida davom ettirish bo‘yicha kelishib olindi.