Davlat xizmatchilarining malakasi oshirilmoqda

Samarqand shahrida “Hududlarni rivojlantirishni boshqarish” mavzusida qo‘shimcha ta’lim dasturi bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

22-24 noyabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan ushbu ta’lim dasturi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Dasturdan ko‘zlangan maqsad tinglovchilarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishni boshqarish yuzasidan bilim hamda malakalarini oshirish.

Malaka oshirish kursida agentlik filialining xodimlari, salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritilgan mahalladagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari, shuningdek, Samarqand “Kelajak liderlari” klubi a’zolari tinglovchi sifatida ishtirok etmoqda. Kurs davomida tinglovchilarga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining malakali mutaxassislari tomonidan byudjetlararo munosabatlar va hududiy rivojlanish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning strategik ustuvor yo‘nalishlari, aglomeratsiyani boshqarish va mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, eng yaxshi mintaqaviy va hududiy amaliyotlar kabi mavzularda ma’lumot berilmoqda. Dastur ishtirokchilariga seminar-trening shaklida ham o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilyapti.

Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilarga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining sertifikat va diplomlari taqdim etiladi.