Davlat xizmatlari agentligi - 2020 yilning eng namunali davlat tashkiloti
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning “Yil tanlovi – 2020” tadbirida “2020 yilning eng namunali davlat tashkiloti” aniqlandi.
Tanlovning bu yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin - Davlat xizmatlari agentligiga nasib qildi.
Ta’kidlash lozimki, bundan uch yil avval davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini tubdan isloh etish sari dadil qadam qo‘yildi. Bugungi kunda davlat xizmatlari markazlari aholi uchun muhim va kerak bo‘lgan davlat xizmatlarini olishi mumkin bo‘lgan joyga aylanishga ulgurdi.
Mamlakatimizning har bir tumanida jami 203 davlat xizmatlari markazi ishlab turibdi. Bu yerda fuqarolar 150 turdagi davlat xizmatlarini ortiqcha ovoragarchiliksiz va eng muhimi, yashash joyidan qat’iy nazar olishi mumkin. O‘tgan 3 yil davomida davlat xizmatlari markazlari orqali 25 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi.
Jahon bankining e’lon qilingan “Biznesni yuritish 2020” reytingining Davlat xizmatlari agentligi mas’ul bo‘lgan “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” indikatorida O‘zbekiston Respublikasi 190 ta davlatlar ichida 8-o‘rinni egalladi.
Davlat idoralari ichida birinchilardan bo‘lib, agentlik tomonidan “mobil”, ya’ni sayyor davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.