Davr fidoyilari: uch yo‘nalishni uddalayotgan inson

Erkin Nurboyevni faqat tajribali jarroh, deyish unga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi. To‘g‘ri, uning shifokor sifatida 30 yildan ko‘p mehnat staji bor. Lekin keyingi 10 yillik faoliyati uning yangi qirralarini kashf qildi.

Shu davrda u tumandagi o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorlovchi texnikumga direktorlikka tayinlandi. Jamoatchilik esa xalq deputatlari tuman Kengashidagi vakili bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Ortiqcha ta’rif, tavsifga o‘rin yo‘q. Zotan, u yuklatilgan vazifani uddalay olmaganida, saylovchilarning ishonchini oqlamaganida shu tarzda davom etmasligini hamma yaxshi biladi. E.Nurboyev ayni paytda viloyat Kengashi deputati sifatida ham ko‘pchilikka ibrat bo‘lyapti. Asosiysi, yoshi yetmishga yaqinlashayotgan E.Nurboyev xalq noibligida ham, pedagoglik va shu bilan birga shifokorlik borasida uncha-muncha yoshlardan faol.

- Mas’uliyat yuki ajib narsa, - deydi E.Nurboyev. – U to‘xtab qolmaslikka majbur qiladi, davr bilan hamohang bo‘lishga, jamoatchilikning dardi bilan yashashga undaydi. Shu ma’noda biz tayyorlayotgan o‘rta tibbiyot xodimlari faqat bemorlarni parvarish qiladigan, ularning haroratini o‘lchaydigan emas, balki bilim va malakasi yuqori, shifokorlardan aslo qolishmaydigan mas’uliyatli mutaxassislar bo‘lishiga intilamiz.

Inson fe’li shunday: qaysi bir kasb egasining yutuqlarini ko‘rsa yo eshitsa, o‘sha insonning izidan borishga havasmand bo‘ladi. E.Nurboyevning muvaffaqiyatlari sabab jarroh bo‘lish, pedagogika yo‘nalishini tanlash, deputat sifatida elga xizmat qilishni istayotganlar viloyatimizda istagancha topiladi.