“Davrbank”dan 15 milliard so‘m pul o‘g‘irlagan shaxslar ushlandi
Joriy yil 7 iyul kuni 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining jinoiy sheriklari bilan poytaxtdagi “Davr bank” XATB tizimiga ruxsatsiz kirgan hamda 15 milliard so‘m miqdordagi pullarni sherigining nomiga ochilgan plastik kartalarga o‘tkazgan.
So‘ng u bu pullarning 11 mlrd. 453 mln. so‘mini o‘zlashtirgan. Yechib olingan pullar jinoiy guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlangan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tezkor tergov harakatlari natijasida 11 nafar fuqaro gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan. Shuningdek, ikki nafar gumonlanuvchi - 1986 yilda tug‘ilgan Umarov Sanjar Ravshanovich hamda 1988 yilda tug‘ilgan Abdurahmonov Eldor Shuhratovichlarni ushlash choralari ko‘rilmoqda.