Davronbek Jumaniyozov: Bayram tadbirlarini o‘tkazish infeksiya tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish, unga qarshi hamjihatlikda kurashish maqsadida viloyat aholisiga murojaat qildi.
Murojaatda qayd etilishicha, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasidan sog‘ayish ko‘rsatkichi 97 foizdan oshdi. Olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilib, joylarda ijtimoiy, siyosiy, madaniy va ma’rifiy, ayniqsa iqtisodiy hayot faollashdi.
Biroq dunyoning ko‘plab mamlakatlarida hamon koronavirus infeksiyasini yuqtirayotganlar soni ortib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, AQSh, Hindiston, Braziliya, Rossiya kabi dunyoning bir qator rivojlangan davlatlarida hamon koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat murakkab bo‘lib turibdi.
Yangi yil arafasida joylarda bayram tadbirlarini o‘tkazish infeksiya tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan fuqarolarga yangi 2021 yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazish tavsiya etilishi va vazirlik, davlat idoralari, tashkilotlariga korporativ bayram tadbirlari tashkil etish taqiqlanganligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman.
Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, ko‘cha va jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish koronavirus infeksiyasini yuqtirish va uni o‘zgalarga tarqatish ehtimolining oldini olishda eng samarali yo‘l hisoblanadi. Shu sabab, “Niqob – bizning do‘stimiz!” shiori ostida sanitariya qoidalarga qat’iy amal qilib, o‘zimizni, oila a’zolarimiz va yaqinlarimizni kasallik yuqtirishdan saqlaylik.