Dehlida «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar qildi.

Tadbirda diplomatlar, akademik, ilmiy-tahliliy doiralar, keng jamoatchilik vakillari, O‘zbekiston va Hindiston ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni, mamlakatimizda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ushbu muhim hujjatning o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

"O‘zbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Kelgusi yetti yilga mo‘ljallangan, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi mazkur hujjat 100 maqsadni o‘z ichiga olgan 5 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgani, ularda ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning barcha muhim vazifalari belgilangani qayd etildi.

Anjumanda Hindiston akademik va ilmiy-tahliliy markazlari vakillari "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining mamlakatning zamonaviy taraqqiyot bosqichida tutgan o‘rniga e’tibor qaratdi. Xususan, Hindistonning Toshkentdagi sobiq elchisi Skand Ranjan Tayal O‘zbekistonda so‘nggi yillarda rivojlanishning izchil bosqichi amalga oshirilayotgani, mazkur o‘zgarishlar jarayonida oddiy inson manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha dolzarb vazifalarga yechim topilayotganini ta’kidladi.

Oliy Majlis Senati a’zosi, «Zarafshon» va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov mamlakatimizda so‘nggi yillarda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgani, "O‘zbekiston-2030" strategiyasida belgilangan dolzarb vazifalar ijrosi O‘zbekistonning xalqaro aloqalarini yangi pog‘onaga olib chiqishiga xizmat qilishi haqida to‘xtaldi.