Dehnavliklarning issiqxonada ko‘kat yetishtirish borasidagi tajribasi o‘rganildi
![](https://static.zarnews.uz/crop/e/9/720__80_e95b5220ea916fb50f1d90100a3f97f2.jpg?img=self&v=1739338846)
Seminar ishtirokchilari yangi tizim asosida Samarqand tumanidagi Dehnav mahallasida 3 ta yo‘nalish bo‘yicha aholi xonadonlarida tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish, yetishtirilgan mahsulotlarni ichki bozor va eksportga yo‘naltirish jarayonlari bilan tanishdi.
Ushbu mahallada yashovchi Mahfuza Muhammadiyevaning 11 sotix tomorqa yer maydoni bor, shundan 3 sotixi issiqxona.
- Issiqxonani 2019 yilda 10 million so‘m kredit hisobidan qurgan edik, - deydi tomorqachi M.Muhammadiyevaning o‘g‘li Islom Norqulov. - Yiliga 4 marotaba hosil olamiz. O‘zim SamDU iqtisod yo‘nalishi 1-bosqich talabasiman. Uch tomonlama shartnoma tuzilgan va urug‘liklar yetkazib berish, mahsulotni xarid qilishgacha shu yerning o‘zida amalga oshiriladi. Birgina rediskaning o‘zidan bir ekin davomida 20 million so‘mdan ortiq foyda olamiz. Shu daromaddan bir yillik shartnoma pulim chiqadi. Keyin ko‘kat ekib sotamiz. Keyin pomidor va bodring ekiladi. Oilamizda 11 kishi yashaydi. Shu tariqa yil davomida uch kishi tomorqa ishlari bilan band bo‘ladi.