Dehqon havoning injiqliklariga qarab o‘tirmaydi

Bu yil ob-havoning keskin o‘zgarishi, injiqliklari barchamizni shoshirib qo‘ydi. Tabiat ko‘klam libosini kiyib, daraxtlar uyg‘onib, ayrimlari hosilga kirganida qish yana bir bor ortga nazar tashladi. Borliq oppoq qorga burkandi. Xo‘sh, dehqonlarimiz bunday vaziyatda qanday yo‘l tutayapti? Bu kabi tabiat sinovlari birinchi bormi? Uzoq yillar yer bilan tillashib kelayotgan narpaylik fermer Zaynab Haydarova asl dehqon bu kabi holatlarga doim tayyor turishi kerakligini aytdi.

- Tabiatning bu kabi injiqliklaridan qo‘rqadigan dehqon dehqon emas, - deydi Zaynab opa. – Allohning bergan ne’mati. Bu ham qir-adirlarga, chorvaga kerak. Hozirgi qor-yomg‘irlar dashtliklar uchun necha yillardan beri kutilayotgan holat. Aslida dehqonlarimiz tabiatning sinovlarini muammo deyishi noo‘rin. Ba’zan yoz issiq keladi, ba’zida erta qish keladi... Bu kabi  holat 1987 hamda 1994 yillarda ham kuzatilgan. O‘shanda ham bundan vahima qilmay, yerga to‘g‘ri ishlov berib yuqori hosildorlikka erishganmiz. Esimda, 1994 yilning 5 mayida paxtalar 4 quloq bo‘lgan vaqti sovuq tushib, qor yog‘di. Paxta quloqlarini sovuq o‘rdi. Qayta ekib chiqish esa hosilning kechikishidan darak. Shunda dalalarni kezib, paxtalarni sinchkovlik bilan kuzatdim. Hali ularda jon bor ekan. Kecha-kunduz paxta novdalariga ishlov berib, kerakli o‘g‘itlar bilan ta’minlab, shu yili ham hosildorlikda kutilgan natijaga erishganmiz.

Asli tibbiyot hamshirasi bo‘lgan Zaynab opa Haydarova 36 yildan buyon yerlarni o‘rganadi, ularning hosildorligini oshirishga intiladi. Bir kun dalalarni kezmasa, sog‘inchi oshadi. Zaynab opaning aytishicha, har qanday yerdan ham yuqori hosildorlikka erishish mumkin. Bunda faqat dehqonning tadbirkorligi, yerga nima kerakligini bilishi, uning meliorativ holatini yaxshi tahlil qilishi juda muhim.

- Dashtdan 100 gektar tashlandiq yerni olib, farzandlarim bilan ishlab yerning meliorativ holatini yaxshiladim, - deydi Zaynab Haydarova. – Yerning sho‘rlagan joylariga kesak, devor tashladim, qattiq yerlarga nuri solib qayta-qayta haydadim. Yerimizning har bir qarichi holatini bilaman. Huddi ona farzandining nima yeyishi-yu, nima ichishini bilgandek. Bo‘z yerlarni 6 marta sug‘orsam, bo‘z o‘tloqi yerlarni uch marta, daryoga yaqin yerlarni bir marotaba sug‘oraman. Traktorim buzilsa, uni tuzatmaganimcha halovatim bo‘lmaydi. Chunki u bilan kuniga yerlarni nazorat qilib turaman.

Bugungi sinovli davrda xalqimiz dasturxoniga ko‘proq mahsulot yetishtirib berishda fermer va dehqonlarimizning mas’uliyati ikki barobar oshdi.

- Kecha qor yog‘di, bugun yomg‘ir deb qarab o‘tirib bo‘lmaydi, dehqon uchun har bir daqiqa g‘animat bo‘lishi lozim, - deydi opa. – Karantin ekan deb, dalaga narsa ekmasak, xalqimizning rizqi nima bo‘ladi. Havoning ochilishi bilan qoidalarga rioya qilgan holda bug‘doyga o‘g‘it berishni, dalalarga paxta ekishni boshlaymiz. O‘tgan yil g‘alladan 40-50 sentner hosil olgan bo‘lsak, bu yil 60 sentnerga ko‘paytirishimiz lozim. Bu mas’uliyatni barchamiz birdek his qilib turibmiz.

Tumanning Mang‘it mahallasi ahli tomorqasidan foydalanishda Zaynab opaning maslahatlariga tayanadi. Bir qarich yerni ham bo‘sh qo‘ymaslikni fermer opadan o‘rganishgan. Ham ro‘zg‘origa, ham hamyoniga foyda ekanligini bugun ular ham tushunib yetishgan.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.