Deputat anketasi: Muammolar bor, ular yechimiga befarq emasmiz
1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?
Prezidentimizning 2020 yil 10 yanvardagi “2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2020 yilda Bulung‘ur tumanidagi 13-Kildon saylov okrugi hududida Kattaqishloq-1 va Dehqonobod mahallalarida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Niyozmat mahallasida “Obod qishloq” Davlat dasturi asosida tegishli ishlar olib borilmoqda.
Umuman, okrugdagi 18 ta mahalladagi 9231 ta xonadonda 30 mingdan ziyod fuqaro istiqomat qiladi. Hududda 668 ta ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati shakllantirilgan. Karantin sabab mazkur oilalarga har tomonlama yordamlashish choralari ko‘rilmoqda.
2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?
Vakillik organidagi faoliyatimni to‘g‘ri va samarali tashkil etish maqsadida ish rejaga muvofiq joriy yilda saylov okrugimda 10 ga yaqin turli tadbirlar tashkil etdim. Okrugimdagi tadbirkorlik sub’yektlari va soliq to‘lovchilar ishtirokida yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, yoshlar ishtirokida “Deputat va yoshlar” uchrashuvi shular jumlasidan.
Bundan tashqari, aholi muammolarini o‘rganish va ularni hal etish maqsadida Olomon, Eson Turdiyev, Uray, Esonturdi, Kattaqishloq-1 mahallalarida uchrashuv o‘tkazdim.
Bu uchrashuvlarda 30 dan ortiq muammolar ko‘tarildi. Ulardan 4 tasi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi, 3 ta masala joyida hal etildi. Shuningdek, 10 dan ortiq muammolar yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga 11 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. 4 ta xatga mutasaddi tashkilotlardan javob xatlari olindi.
3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.
Eson Turdiyev mahallasidagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 330 o‘ringa mo‘ljallangan. Biroq bu yerda 691 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Mazkur mahallada aholi bilan o‘tkazgan muloqotlar chog‘ida, maktabga qo‘shimcha sinf xonalari hamda bolalarning ovqatlanishi uchun oshxona zarurligi bo‘yicha murojaat bo‘ldi.
Zarafshon, Guliston qishloqlari aholisi esa shu maktabga qatnash uchun bolalar 4,5 kilometr yo‘lni bosib o‘tayotganligi, masofaning uzoqligini inobatga olib, hududda (Zarafshon, Guliston qishloqlari o‘rtasidan) 200 o‘rinli filial qurish bo‘yicha amaliy yordam so‘radi. Ushbu masala yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga deputatlik so‘rovi bilan chiqdik. Masala davlat dasturi doirasida hal qilinishi belgilandi.
Feruz NASRULLAYeV,
13-Kildon saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.