Deputat karantinda nima bilan band?

Xalqimiz boshidan kechayotgan bugungi sinovli kunlarda odamlarga imkoni boricha yaxshilik ulashish, og‘irini yengil qilishga bel bog‘laganlar safi talaygina. Xalq deputatlari Toyloq tumani Kengashi deputati Nilufar Akramova ana shunday tashabbuskor insonlardan biri.

U pandemiya davrida ishni tumandagi Istiqlol, Sochak, Gulobod mahallalarida yashovchi ishsiz, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan oilalar ro‘yxatini shakllantirishdan boshladi. Hududdagi tadbirkor va homiylik qilish istagi bo‘lgan fuqarolarni ro‘yxati shakllantirilgan ehtiyojmand oilalarga biriktirdi. Shu tariqa mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida xayriya ishlari bo‘yicha komissiya shakllantirilib, tushgan mablag‘lar yoki oziq-ovqat mahsulotlarini muvofiqlashtirish iishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, tumandagi “Limon layn” korxonasi tomonidan 45 ta oilaga 15 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. E’tiborlisi, bunday xayrli ishlarga shu mahallada tug‘ilib o‘sib, bugungi kunda chet elda daromad topayotgan saxovatpesha insonlar ham o‘z hissasini qo‘shish istagini bildirib, 40 million so‘m xayriya qilgan. Ushbu mablag‘lar 340 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish uchun sarflandi.

Deputat shuningdek, karantin vaqtida qiyin vaziyatda qolganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida Sochak mahallasida yashovchi 10 ta xonadonni qaramog‘iga oldi. Ularni 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, dezinfeksiyalovchi vositalar, tibbiyot niqoblari bilan muntazam ta’minlab kelmoqda.

Muhiba BOBOBEKOVA,

“Adolat” SDP Samarqand viloyati kengashi raisi.