Deputat vazirlik binosi yaqinida avtomatdan o‘q uzdi

Abxaziya parlamenti deputati Almasxon Ardzinba 30 sentyabrdan 1 oktyabrga o‘tar kechasi respublika Ichki ishlar vazirligi binosi yonida noqonuniy ravishda ega bo‘lgan «kalashnikov» avtomatidan o‘q uzdi, deya xabar berdi departament matbuot xizmati.

Aniqlik kiritilishicha, deputat Ardzinba xizmat mashinasida Ichki ishlar vazirligi binosiga kelgan.

"Ardzinba Almasxon noqonuniy ravishda olingan va saqlanayotgan o‘qotar quroldan osmonga qarata 20 marta o‘q uzdi. Abxaziya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi binosiga oldida haqoratli so‘zlar bilan baqirdi", deyiladi xabarda.

Binoga kirish darvozasi atrofidagi voqea joyini tekshirish chog‘ida soqchilar ishlatilgan 20 ta gilza topishdi.

Shuningdek, payshanba kuni yana bir parlament deputati Garri Kokaya Abxaziya va Janubiy Osetiya prezidentlari Aslan Bjaniya va Anatoliy Bibilov 1992-1993 yillardagi Gruziya-Abxaziya urushi g‘alabasi va mustaqillik kunini nishonlayotgan restoran joylashgan Suxum sohilida to‘pponcha bilan kelib o‘q ochdi. Kokaya voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilarga ham qarshilik ko‘rsatgan.