Londonda otishma ro‘y berdi, jarohatlanganlar ichida bolalar ham bor

London markazidagi cherkov yaqinida sodir bo‘lgan otishmada jarohatlanganlar soni olti kishiga yetdi, ulardan ikki nafari bola. Bu haqda poytaxt politsiya departamentiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.

Hodisa Britaniya poytaxti markazidagi Yuston temir yo‘l vokzali yaqinidagi Finiks-roudda sodir bo‘lgan.

Yetti yoshli qizaloq kasalxonada og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda. Yana bir 12 yoshli qiz oyog‘idan yengil jarohat olgan va zarur yordam ko‘rsatilganidan so‘ng shifoxonadan chiqarilgan.

Shuningdek, 4 nafar ayol yaralangan. Ulardan uch nafarining ahvoli hayotga xavf tug‘dirmaydi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining ta’kidlashicha, ayni paytda tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda. "Hozirgi bosqichda hech kim hibsga olinmagan", degan politsiya.

Avvalroq Londonda dafn marosimi bo‘lib o‘tgan cherkov yaqinida noma’lum shaxs tomonidan amalga oshirilgan otishmada to‘rt kishi jarohatlangani xabar qilingandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyatchi harakatlanayotgan avtomobildan o‘t ochgan va voqea joyidan qochib ketgan.