Maqtanchoqlikni to‘xtataylik yoki Angliyada o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabaning bizdagi ta’lim tizimi haqidagi fikrlari

London. Bu yerda tili burro tadbir uyushtirib "faol" bo‘lganlar bir tiyin ekan.

Men hindlar va xitoy, koreys va yapon talabalarini ko‘rib, maktabdagi olgan bilimlariga tan beryapman.

Xullas, men shunchaki bo‘m-bo‘sh miya bilan magistraturaga kelib qolibman. Masalan, guruhdagi hamma matematikani suv qilib ichib yuborgan. Siz o‘ylagan darajada emas, yaxshi biladi degani ham emas. Ular shunaqangi tenglamalarni maktablaridan o‘rganib kelishganki, men ularga haliyam yeta olmayapman.

Kompyuterni, ofis dasturlarini, har xil programmalar va dasturlashni o‘zimcha yaxshi bilaman desam, butun guruh, ha, ishoning, har biri mendan yaxshi biladi.

Dunyoqarash jihatidan ham biz, Markaziy Osiyo talabalari oqsoq ekanmiz. Ular shunaqangi dunyo tanigan brendlarni egalaridan tortib, ular nima ishlab chiqaradi-yu, qaysi mahsuloti yaxshi ekanini bilishadi. Men bo‘lsa haliyam kofe turlarini farqiga bormayman.

Siz o‘zingizni O‘zbekistonda turib "Kelajak bizniki, shu turishimda O‘zbekistonni dunyoga tanitaman", demang. Men shunaqa deb xato qilganimni bildim. Biz rostdan yurtimizni yuqoriga olib chiqmoqchi bo‘lsak, erinmay o‘qishimiz, yaratuvchanlik yo‘lida izlanishimiz kerak.

Londonga kelib bildim. Biz orqada ekanmiz, ko‘p sohada. Davlat siyosati yoki iqtisodiy nuqtai nazardan emas, oddiy maktabdagi asosiy fanlar ko‘nikmalaridan ularni amaliyotga tatbiqigacha.

Bizning yana eng katta aybimiz, bu - noloyiq bo‘lgan nomzodlarga katta rag‘batlar berishimiz. Misol uchun: Bizning Navoiy, Beruniy stipendiyalari va Zulfiya nomli Davlat mukofotini olayotgan bolalar kelib Nyu-York, London, Tokio yoki shunga o‘xshagan shaharlardagi biznes markazlardan yuqori lavozim tugul qabulxonaga ham ishga kira olmaydi. Nega?

Chunki u yerda bizdagi "faol talaba"dan oldin hind yoki xitoylik "vunderkend" ishga hujjat topshirib bo‘lgan. Undan ustun bo‘lish uchun "Kompaniyam - faxrim", degan video "yasab" kelsangiz, o‘tmaydi.

Bu yerda, ya’ni Londonda yaxshi ofis ishiga kirishingiz, osmono‘par binoda ishlashingiz uchun rostakam yuzma-yuz intervyu bo‘ladi. Ular sizdan yutuqlaringizni umuman so‘ramaydi. Ular sizdan ilm so‘raydi. Ularga sizning 2 ta maqola orqali har kimga beriladigan ayrim davlatlarning xususiy ko‘krak nishonlari bir tiyin. Ular ilm so‘raydi!

Xulosa: Bu fikrlar hech kimga qaratilmagan, lekin ko‘zimizni ochishimiz kerak. Dunyo miqyosida bizning talabalar ancha ortda. Sizdan iltimos, "Men eng faol, eng zo‘r talabaman", demang. Angliyada siz tengi yigit-qizlar ancha-muncha sizning va bizning kelajakdagi ish joylarimizni egallab, qo‘limizdan olib bo‘lishgan. Ulardan ustun bo‘lish uchun siz faqat o‘qing - har kuni 10-15 soatlab foydali kitoblarni varaqlang! Yarating, ilmga tayanib haqiqiy ilmiy ishlar qiling!

Alisher Hashimjonov.