Deputat yoshlar taklifini qo‘llab-quvvatladi

O‘zbekiston XDP Samarqand viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Badriddin Nasriyev Samarqand shahridagi “Mevazor” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashdi.

“Deputat va yoshlar” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda B.Nasriyev nafaqat yoshlarga, balki mahalla aholisiga ham bugungi kundagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar, islohotlar va ularning xalqimiz hayotida o‘rni haqida gapirib berdi. Shuningdek, partiyaning g‘oya va mafkuralari, maqsad va vazifalari haqida qisqacha tushuntirishlar berdi.

Uchrashuv vaqtidafaol  yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar va takliflarini bildirdi. Takliflardan kelib chiqib, yoshlarni qamrab oladigan, ularning iqtidor va qobiliyatlarini namoyish etadigan turli tadbir va loyihalar partiya tomonidan tashkil etilib, ularga yoshlarni doimiy ravishda jalb etish masalalari muhokama etildi.

Tadbir so‘ngida partiya safiga yangi qabul qilingan a’zolarga partiya a’zolik guvohnomalari, mahallada barchaga namuna bo‘lib kelayotgan faollarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, mahalla hududidagi 49-umumta’lim maktabi kutubxonasi fondiga kitoblar jamlanmasi taqdim qilindi.