Deputatlikka nomzod bo‘lgan shaxsga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi
Saylov kodeksining 44-moddasiga ko‘ra, deputatlikka nomzodlar tomonidan tashviqotni saylovchilarga imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish bilan qo‘shib olib borish taqiqlangan.
Shunga qaramasdan, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga 38-Olmazor saylov okrugidan nomzodi ko‘rsatilgan A.M.Axmedov 2019 yil 15 dekabrda Chilonzor tumani Katta Chilonzor-1 mahalla fuqarolar yig‘ini va 2019 yil 16 dekabrda Katta Chilonzor-2 mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan yarmarkalarda ishtirok etib, “O‘zLiDeP” logotipi joylashtirilgan peshtaxtalar orqali rahbarligidagi tashkilot tomonidan ishlab chiqarilgan un va yog‘ mahsulotini saylovchilarga imtiyozli, arzonlashtirilgan narxda sotish xizmatini ko‘rsatgan hamda saylovchilar bilan uchrashib, saylovoldi tashviqotini olib borgan.
Deputatlikka nomzod A.M.Axmedov o‘z harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 515-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan A.M.Axmedovga nisbatan MJtKning 515-moddasi bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun ma’muriy ishlar bo‘yicha Chilonzor tumani sudiga yuborilgan.