Dilshod Choriyev, Sherali Jo‘rayev, Muhsin Hisomiddinov kabi chempionlar uchta “Spark” uchun kurashadi
Bugun, 14 sentyabr soat 16:00 dan boshlab Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida “Viloyat hokimi sovrini uchun” xalqaro kurash musobaqasi o‘tkaziladi.
Unda respublikamizning barcha hududlaridan hamda Indoneziya, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlaridan 60 dan ortiq eng sara polvonlar uch vaznda kuch sinashadi.
Kecha Samarqand eshkak eshish kanalida xalqaro kurash musobaqasi oldidan matbuot anjumani hamda qatnashchilar uchun qur’a tashlash va vazn o‘lchash tadbiri o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston milliy kurash federatsiyasi raisi o‘rinbosari K.Yusupov, Qozog‘iston kurash federatsiyasi rahbari B.Mo‘minov, O‘zbekiston milliy kurash federatsiyasi a’zosi, musobaqa bosh hakami H.Kafiyev, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev bo‘lib o‘tadigan bellashuvning o‘tkazilish tartiblari haqida jurnalistlarga ma’lumot berdi. Shuningdek, nufuzli tadbirni nafaqat samarqandliklar, balki boshqa viloyatlardan ham kelib tomosha qilishi aytildi.
– Milliy kurash bo‘yicha nufuzli musobaqani o‘tkazish tashabbusi birinchi bo‘lib Samarqand viloyati hokimidan chiqqanining o‘zi viloyatda sportga bo‘lgan e’tiborning namunasidir, – dedi O‘zbekiston milliy kurash federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Yusupov. – Azim Samarqandga bu kabi tadbirlar yarashadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, keyingi paytda samarqandlik polvonlar soni ortmoqda. Kelgusida bu kabi musobaqalarni yanada ommalashtirishni rejalashtirganmiz.
Uch vaznning har bir g‘olibiga “Spark” avtomashinasi beriladi. Ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan polvon ikki kamerali muzlatkichga ega bo‘ladi. 2 ta uchinchi o‘rin sohibiga katta hajmdagi televizor sovg‘a qilinadi.
Gilamga tushadigan nomdor o‘zbek polvonlarining ayrimlari bilan tanishing:
Dilshod Choriyev - Toshkent viloyati, ko‘p karra xalqaro musobaqalar g‘olibi.
Erkin Doniyorov - Buxoro viloyati, ikki karra jahon chempioni.
Umid Esonov - Navoiy viloyati, jahon chempioni.
Sherali Jo‘rayev - Qashqadaryo viloyati, ikki karra jahon chempioni.
Muhammad Janriyev - Surxondaryo viloyati, Jakartada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni.
Samijon Ubaydullayev - Surxondaryo viloyati, ko‘p karra xalqaro musobaqalar g‘olibi.
Muhsin Hisomiddinov - Surxondaryo viloyati, uch karra jahon chempioni.
Samarqand viloyati sharafini himoya qiladigan polvonlar
Bekzod Karimov - Osiyo chempioni.
Sarvar Shomurodov - xalqaro musobaqalar g‘olibi, jahon chempioni.
Temurxon To‘rayev - jahon chempioni.
Muhammadali Shamsiddinov - Osiyo chempioni.
Muhriddin Qurbonov - jahon chempionati sovrindori.
Muhammadkarim Xurramov - shu yil Navro‘z bayrami arafasida o‘tkazilgan “Viloyat hokimi sovrini uchun” kurash musobaqasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan