Xotira turnirlarini ham tartibga olsa bo‘ladi
Yurtimizda barcha sport turlari bo‘yicha rasmiy musobaqa va bellashuvlardan tashqari xotira turnirlari ham o‘tkaziladi. Mahalla va qishloqlarimizda o‘tkazilayotgan futbol, voleybol, milliy kurash hamda uloq ko‘pkari bo‘yicha xotira turnirlarida hamyurtlarimiz o‘zlarining sevimli o‘yinlaridan, mahoratli sportchilarning chiqishlaridan zavqlanishadi. Biroq ayrim turnirlarni tashkil etishdagi kamchiliklar, ulardagi kutilmagan hodisalar ko‘pchilik qatori meni ham o‘ylantiradi.
O‘tgan yili viloyatimizda milliy kurash bo‘yicha tashkil etilgan xotira turnirida kurashchilardan biri mag‘lubiyatiga chidayolmay, raqibi bilan janjallashib ketdi. Janjalga sportchilarning tarafdorlari ham qo‘shildi. Kattalar o‘rtaga tushib, janjalni tinchitishga harakat qildi. Og‘ir ahvolda qolgan o‘nga yaqin jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatadigan biror kishi topilmadi. Hatto mahalla oqsoqollari ham, qishloq vrachlik punkti shifokorlari ham aytilmagan ekan.
Navro‘z bayrami arafasida mini futbol bo‘yicha tashkil etilgan xotira turnirida ham xuddi shunday voqea sodir bo‘ldi. To‘p maydon tashqarisida turgan muxlislardan biriga qattiq tegib ketdi shekilli, o‘yinchini haqorat qildi. Futbolchi ham bo‘sh kelmadi. Natijada muxlis maydonga chopib keldi. Yana kimdir so‘kindi, birovi baqirdi. Jabrlanuvchining hamqishloqlari maydonga yugurib chiqib, to‘pni tepgan futbolchining yoqasidan olishdi. Tortishuvga o‘yinchining jamoadoshlari va hamqishloqlari qo‘shilib ketdi. Oqibatda turnir erta yakunlandi. Hamma hafsalasi pir bo‘lganicha ketib qoldi. Keyinchalik o‘sha futbolchilarning o‘zaro janjali sudgacha bordi…
Bu kabi tartibsizlik va janjallar rasmiy uchrashuvlarda deyarli uchramaydi. Chunki bu bellashuvlar belgilangan nizom asosida, hakamlar va tashkilotchilar mas’ulligida o‘tkaziladi. tez tibbiy yordam shifokorlari, ichki ishlar xodimlari tartibni saqlab turadi.
Xotira turnirlari mahallada o‘z o‘rniga ega mehnati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lgan insonlar xotirasiga bag‘ishlab tashkil etiladi. To‘g‘ri, ko‘pincha bu kabi turnirlarni o‘ziga to‘q, puli bor insonlar o‘tkazadi. Bu musobaqalar o‘tganlarning xotirasini yod olishdan tashqari, havaskor sportchilarni sinovdan o‘tkazish, iste’dodli yoshlarni kashf etishga xizmat qilishi kerak.
Turnir tashkilotchilari katta pul sovrinlari qo‘yishadiyu, tartibni saqlashga ahamiyat berishmaydi. Turnir uchun nizom tuzish shunchalik qiyinmi? Musobaqa o‘tkazilishi haqida tuman sport bo‘limi, ichki ishlar bo‘limi yoki tibbiyot birlashmasini ogohlantirib qo‘yish nahotki muammo bo‘lsa?
Yo‘q, aslida turnir uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish mumkin. Xotira turnirlari o‘tkazilayotgan maydonlarda sportchilarning kiyimini almashtirish va yuvinishlari uchun sharoit yaratish muammo emas. Axir tomoshabinlar orasida xotin-qizlar ham bo‘ladi, ularning ko‘z o‘ngida kiyim almashtirish bizning madaniyatimizga to‘g‘ri kelmaydi.
Bugungi kunda jahon arenalarida nom qozonib, mamlakatimiz dovrug‘ini olamga yoyib kelayotgan sportchilarimiz orasida shunday turnirlarda ilk bora raqib bilan yuzma-yuz kelganlar bor. Shu sabab xotira turnirlari o‘tkazishdan oldin ishtirokchi va tomoshabinlar uchun imkoniyat darajasida shart-sharoit yaratilishi kerak.
Avazbek HAMROQULOV, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2- bosqich talabasi.