Milliy kurashni rivojlantirishga e’tibor kerak
Viloyatdagi ayrim sport federatsiyalarida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar qoniqarli emas. Jumladan, dzyudo, eshkak eshish, yunon-rum kurashi, yengil atletika, gimnastika, kurash va sambo sport federatsiyalari yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, 20 yaqin sport turi basketbol, suzish, gandbol, erkin kurash, o‘rta va qilichbozlik, ot sporti, voleybol, texnik va o‘q otish, tennis, badminton, regbi federatsiyalari qoniqarsiz natija qayd etmoqda. Shuningdek, keyingi yillarda penchak silat, kikboksing, shotakan karate, o‘zbek jang san’ati federatsiyalari O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga sportchi yetkazib bermayapti.
Xo‘sh, viloyatda kurash milliy sport turini ommalashtirish, musobaqalar tashkil etish, sportchilarning xalqaro turnirlarga ishtirokini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni saralash va terma jamoaga sportchilar yetkazib berish jarayonlari qanday ketyapti? Bu haqda viloyat kurash federatsiyasi ijrochi direktori, xalqaro toifadagi hakam Ibragim Karimovning fikrlarini so‘radik.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi 21 ta sport-ta’lim muassasasida sportning milliy kurash turi bo‘yicha guruhlar ochilgan. Ularda foliyat yuritayotgan 93 nafar trener qo‘l ostida 3000 nafarga yaqin yoshlar shug‘ullanmoqda. Murabbiylarning 12 nafari sport ustasi, 3 nafari xalqaro toifadagi trener.
- Kurash azaldan mardlik va halollik timsoli, xalqimizning bir necha ming yillik tarixga ega milliy-madaniy merosining bir qismi sanalanadi, - deydi I.Karimov. – Keyingi paytda milliy kurash xalqaro sport turi sifatida e’tirof etilib, “kurash”, “halol”, “ta’zim”, “to‘xta”, “yonbosh” kabi atamalar xalqaro sport so‘z hamda iboralar qatoridan o‘rin egalladi. 2017 yil 20 sentyabrda Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida kurash tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan kurash xalqaro sport musobaqalari va turnirlari dasturlaridan ham joy oldi.
Bugungi kunda viloyatimiz kurashchilarining 30 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qabul qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rinlarda turamiz. O‘tgan yil sportchilarimiz O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslarida 7 ta oltin, 13 ta kumush, 33 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Turkmanistonning Ashxabod shahrida kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 90 kilogramm vazndagi polvonimiz Erkin Qozoqov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Yaqinda Rossiyaning Yakutiya shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada yana uch nafar samarqandlik kurashchi chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Albatta, bu yutuqlar kurash milliy sport turini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida bo‘lyapti. Biroq tizimdagi bir qator muammo va kamchiliklar bartaraf etilsa, bundan-da yuqori natijalarga erishish mumkin.
Jumladan, Prezidentimizning 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi karoriga ko‘ra, viloyatdagi umumta’lim maktablarida kurash guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Ammo hozirgi kunda viloyatda 1260 dan ziyod maktab bo‘lib, bor-yo‘g‘i 41 tasida kurash seksiyalari mavjud. Kurash guruhlari tashkil etilgan maktablar esa 30 foizga ham yetmaydi.
Milliy kurash bilan shug‘ullanuvchilarning asosiy qismi Past Darg‘om, Nurobod, Urgut tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelsa, ba’zi hududlarda musobaqalar tashkil etish va turnirlarda sportchilarning ishtirokini ta’minlashga umuman e’tibor qaratilmayapti. Jumladan, Qo‘shrabot tumani va Kattaqo‘rg‘on shahar sportchilari viloyat va respublika musobaqalarida umuman ishtirok etmay qo‘ygan. Terma jamoaga sportchi yetkazib berish haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Buning asosiy sababi esa hududlardagi kurash bo‘limlarining moddiy-texnik bazasi yaxshi emas, shug‘ullanish uchun sharoit yetarli emas.
Tizimdagi bu kabi muammo va kamchiliklarni hal qilish uchun, avvalo, kurash bo‘limlarida sportchilarning shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish, zarur sport anjomlari bilan ta’minlash, hududiy va xotira turnirlarni ko‘paytirish lozim. Shu bilan birga, sportchilarni mamlakat va xalqaro musobaqalarga olib chiqish, g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirish, sportchi hamda trenerlar uchun respublika va xalqaro darajadagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari tashkil etish, mashg‘ulotlarda sportchilarning ovqatlanishi, ma’lum muddat yashashi uchun sharoit yaratish lozim. Buning uchun esa mablag‘ va homiylarning qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi. Shundagina yuqori natijalarga erishish va milliy kurashni rivojlantirish, uning nufuzini xalqaro maydonda yanada oshirishga erishish mumkin.
Mutaxassis fikridan ko‘rish mumkinki, viloyatda kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning ommaviyligini oshirish uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Lekin bu ishlar amalda qilinadimi-yo‘qmi, mas’ullar bu muammolarga qanchalik e’tibor qaratadi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.