Parijda kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro musobaqa o‘tkazildi

O‘zbekiston kurash federatsiyasi xabariga ko‘ra, 24 iyul kuni Fransiya poytaxti - Parij shahridagi Eyfel minorasi yonida minglab sayyohlar guvohligida o‘tgan xalqaro kurash turnirida 30 ga yaqin davlatdan polvonlar ishtirok etdi.

Mutlaq vazn toifasida o‘tgan bahslarda mamlakatimiz sharafini erkaklar bahsida Sherali Jo‘rayev, Muhsin Hisomiddinov va Muhammadkarim Xurramov himoya qildi. Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa Durdona Abdujabborova gilamga chiqdi.

Og‘ir vaznli polvonlar kurashida Muhammadkarim Xurramov barcha raqiblarini mag‘lub etib, musobaqaning bosh sovriniga ega chiqdi. 2 va 3-o‘rinlar serbiyalik Sulum Zakro hamda makedoniyalik Boban Danovga nasib etdi.

Shuningdek, kuchli sakkizlikdan polshalik Kasper Szszurovski, estoniyalik Aleksandr Marmeljuk, gretsiyalik Papanikolaou Panagiotis, fransiyalik Gayetan Xuguyes va latviyalik Denis Sokol joy oldi.

Qiz bolalar o‘rtasidagi musobaqada g‘oliblik germaniyalik Jasmin Grabovskiga nasib etdi. Polsha, Fransiya hamda Belgiya vakilalari sovrindor bo‘ldi. Hamyurtimiz Durdona Abdujabborova 7-o‘rin bilan kifoyalandi.

G‘olib va sovrindorlar tegishli darajadagi mukofot va sovg‘alar bilan taqdirlandi.